Og`ir jinoyatlar kamaygan bo`lsa-da, Termiz shahri, Angor, Muzrabot, Oltinsoy tumanlarida bu turdagi jinoyatlar soni ortgan, deb yozmoqda O`zA.
Viloyatda umumiy jinoyatlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan 32,4, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 34,4, o`ta og`ir jinoyatlar 23,4, og`ir jinoyatlar 26,1, bosqinchilik 87,5, firibgarlik 7,5, o`g`irlik 48,4, inson o`limi bilan bog`liq yo`l-transport hodisasi 13,1 foiz kamaygan. Shuningdek, nomusga tegish, tovlamachilik, transport vositasini olib qochish, bezorilik, qasddan badanga engil va o`rtacha tan jarohati etkazish kabi jinoyatlar kamayishiga erishilgan.
Biroq, bu borada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani ayrim jinoyatlarning o`sishiga ham olib kelgan. Xususan, viloyatda qasddan badanga og`ir shikast etkazish 4,4 foizga oshgan. Og`ir jinoyatlar kamaygan bo`lsa-da, Termiz shahri, Angor, Muzrabot, Oltinsoy tumanlarida bu turdagi jinoyatlar soni ortgan. Qiziriq tumanida firibgarlik, Sherobodda muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, Jarqo`rg`on tumanida voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, Sherobod, Sariosiyo va Jarqo`rg`on tumanlarida, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning Qumqo`rg`on tumanida ko`paygani ham achinarlidir.
Viloyatdagi 717ta mahalla fuqarolar yig`inining 298 tasida joriy yilning o`tgan davrida umuman jinoyat sodir etilmagan bo`lsa-da, Termiz shahridagi Alpomish, Denov tumanidagi Lolazor kabi bir qator mahallalarda jinoyatlar soni oshgan. Termiz shahridagi «Alpomish» mahalla fuqarolar yig`inida 37 jinoyat yuz berganini qanday izohlash mumkin? Yoki «Shifokor» mahalla fuqarolar yig`inida muqaddam sudlangan 25 nafar shaxsning atigi 7 nafari ish bilan ta`minlangani jinoyatlarning oldini olishga e`tiborsizlik nishonasi emasmi? Bu mazkur mahallalar faollari, profilaktika inspektorlari va sektorlar rahbarlarining mas`uliyatni chuqur his etmayotgani, o`zaro hamkorlikni talab darajasida yo`lga qo`ya olmayotganining amaldagi isbotidir.
Termizda videoselektor shaklida bo`lib o`tgan xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida shu haqida so`z yuritilib, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda «Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati» tizimi asosida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Tanqidiy tahliliy ruhda o`tgan sessiyada uzoq yillar xorijda yurib yashash manzillariga qaytib kelgan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va bandligini ta`minlashda yo`l qo`yilgan kamchiliklar ham tahlil qilindi. «Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati» tizimiga muvofiq tegishli tarmoqlarning faoliyat yo`nalishlarini belgilovchi «Yo`l xaritasi»ni ishlab chiqish tavsiya etildi. Huquq tartibot idoralari, mahalliy kengashlar deputatlari, yoshlar ittifoqi, o`zini o`zi boshqarish organlari va boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish vazifasi topshirildi.
Mazkur masala yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisining o`rinbosari B.Dehqonovning axboroti va mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglanib, yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Sessiyada kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko`rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
10.09.2018 11:35
Surxondaryoda qasddan badanga og`ir shikast etkazish 4,4 foizga oshgan






