AsosiyMadaniyat

Madaniyat vaziri Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi (foto)

'Madaniyat vaziri Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi (foto)'ning rasmi

Bugun, 10 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev Koto musiqiy asbobi ijrochisi Ivamoto Kyoke rahbarligidagi Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi.

Uchrashuv nihoyatda samimiy va taassurotlarga boy bo`ldi. Muloqotlar davomida delegasiya rahbari vazirga aynan “Xalqaro maqom san`ati anjumani” doirasidagi festival sahnasida yaponiyalik rassomlar tomonidan chizilgan sakura daraxti va ajdar suratlarini taqdim etdi.

Shuningdek, Ivamoto Kyoke ikkita yapon milliy musiqa asbobi Kotoni va unga qo`shib yana Tokio minorasi ramzi bo`lgan esdalik sovg`alarni ham taqdim qildi. Eng qizig`i, yapon san`at delegasiyasi rahbari vazirdan Kotoni chalib ko`rishni iltimos qildi. Vazir esa buni bajonidil qabul qilib, xorijlik musiqachilar yordamida Kotodan musiqa chaldi. Bu esa mehmonlarning xursandchiligiga sabab bo`ldi.

O`z navbatida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri B. Sayfullaev ham mazkur hurmatga javoban o`zbek milliy cholg`u asbobi bo`lgan sozni, Shahrisabz tasviri va “Xalqaro maqom san`ati anjumani” yozuvi tushirilgan laganlarni hamda yurtimiz tarixiga oid rasm albom shaklidagi kitoblarni yaponiyalik san`atkorlarga sovg`a qildi. Bu mehmonlarni yanada quvontirdi.

Uchrashuv davomida vazirning iltimosiga binoan yaponiyalik xonanda qiz o`zbek milliy qo`shig`i hisoblangan “Sunbula”ni ijro etib, barchaning olqishiga sazovor bo`ldi.

Shundan so`ng har ikki davlat san`ati va madaniyati olamida kelgusida mustahkam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Bugun festivalning so`nggi kuni. Tadbirlar esa davom etmoqda.

Boshqa yangiliklar