Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar qildi “Huquqiy axborot” kanali.
Qarorda ta`kidlanishicha:
to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar qator tizimli muammo va kamchiliklarga duch kelmoqda;
yangidan tashkil etilgan davlat tashkilotlari, hokim o`rinbosarlari tomonidan tadbirkorlarning dolzarb muammolarini hal etishga ko`p hollarda beparvo munosabatda bo`linayotganligi kuzatilmoqda.
respublika va joylardagi davlat organlarida keng tarqalgan tadbirkorlar tashabbuslarini ko`rib chiqish va masalalarini hal etishdagi sansolarlik, byurokratizm va to`siqlar bilan bog`liq holatlar tadbirkorlarni hududlarni rivojlantirishga faol jalb etish, yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish va xizmatlar sohasini rivojlantirishni ta`minlamayapti;
joylardagi vakolatli shaxslarining malakasi va amaliy tajribasi etarli darajada emasligi, respublika organlari tomonidan ular faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining sustligi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali ijro etilishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Qarorga muvofiq hududlarda Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bo`yicha hududiy guruhlar tashkil etildi.
Hududiy guruhlar tarkibiga kirgan shaxslar asosiy ish joyi bo`yicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinadi hamda doimiy ravishda o`zlariga biriktirilgan hududda bo`ladi.
Komissiya va hududiy guruhlarning so`rovlari, ko`rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan so`zsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
Komissiya 10 kunda kamida bir marta joylardagi hal qilinmagan muammoli masalalarni ko`rib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga to`sqinlik qilayotgan mavjud byurokratik to`siq va g`ovlarni bartaraf etadi, tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.
Qarorga muvofiq:
hududiy guruhlar moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda, davlat tashkilotlari zimmasiga tegishli hududda salohiyatli loyihalar bo`yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha tashkilotlarini jalb etish yuzasidan majburiyatlarni yuklash huquqiga ega;
auksion savdolariga qo`yiladigan davlat mulki ob`ektlari tadbirkorlarning aniq majburiyatlarini belgilagan holda savdoga qo`yiladi;
bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlari va er uchastkalaridan foydalangan holda amalga oshirish uchun tavsiya etilayotgan salohiyatli loyihalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, hokimliklarning veb-saytlarida va Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi, shuningdek, televidenieda e`lon qilinadi;
tadbirkorlar salohiyatli loyihalarni tanlashda tegishli hujjatlarni keyinchalik hududiy guruhning ishchi organiga yuborish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yoki bevosita hududiy guruhning ishchi organiga murojaat qilishi mumkin;
hududiy guruhlar bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlari va er uchastkalarining ularda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo`yicha majburiyatlarni ko`rsatgan holda elektron auksion savdolariga qo`yilishini ta`minlaydi;
ushbu talablariga muvofiq o`tkaziladigan elektron auksionni o`tkazishning umumiy muddati, istisno tariqasida, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha tartib-taomillar bilan birga 10 kundan oshmaydi;
bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlari yoki er uchastkalari auksion g`olibiga bir yilgacha muddatda oldindan zaxiraga olish shartlarida (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib, muddatini uzaytirish imkoniyati bilan) keyinchalik investisiya shartnomasida ko`rsatilgan shartlar bajarilganidan so`ng egalik va foydalanish huquqini rasmiylashtirgan holda beriladi. Investor tomonidan investisiya shartnomasida ko`rsatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, zaxiraga olish investorning xarajatlari qoplanmagan holda bekor qilinadi.
Adliya vazirligiga Davlat xizmatlari markazlarida bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlari va er uchastkalari negizida kelib tushayotgan tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini hisobga olish ularni ko`rib chiqish jarayonini monitoring qilishga imkon beradigan elektron tizimni joriy etish vazifasi yuklandi.






