O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura matbuot xizmati ma`lum qilishicha, Departamentning Yangiyo`l shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, Yangiyo`l tumani Tibbiyot birlashmasi sobiq mexanigi M. birlashma hisobida bo`lgan jami qiymati 74,4 mln. so`mlik 8 dona “Damas” rusumli avtomashinalarni hisobdan chiqarilganidan so`ng, tegishli tartibda birja savdolari orqali sotmasdan, hujjatlarni soxtalashtirish yo`li bilan noqonuniy sotib yuborganligi aniqlangan.
Shuningdek, birlashma mansabdor shaxslari tomonidan davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan smetada nazarda tutilmagan 420,5 mln. so`m pul mablag`lari ortiqcha sarflanib, byudjet va smeta-shtat intizomini buzganliklari holati aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Yangiyo`l tuman Tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






