AsosiyJamiyat

Armiya qo`l jangi xalqaro musobaqasida O`zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi o`rinni qo`lga qiritdi

'Armiya qo`l jangi xalqaro musobaqasida O`zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi o`rinni qo`lga qiritdi'ning rasmi

12 sentyabr kuni Toshkentdagi «Universal» sport majmuida MDHga a`zo davlatlar do`stona armiyalari o`rtasidagi armiya qo`l jangi chempionatining final bosqichi bo`lib o`tdi. 7 ta vazn toifasidagi sportchilar o`rtasida o`tkazilgan ushbu musobaqada o`zbekistonlik harbiy xizmatchilarning 6 nafari finalga qadar etib bordi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

60 kilogrammgacha bo`lgan vaznli qo`l jangi ustalari o`rtasida kechgan final bahslarida o`zbekistonlik serjant Shaxboz Tursunov qozog`istonlik sportchi Arkot Bayaxmetovni mag`lub etib, oltin medalni qo`lga kiritdi.

-75 kg vaznlilar o`rtasida kechgan murosasiz kurashda ham o`zbekistonlik sportchi — serjant Jahongir Jumaev rossiyalik raqibi Sergey Kuznesovdan qo`li baland keldi.

-80 kg vazn toifasidagi harbiy sportchilar o`rtasida kechgan jangda rossiyalik leytenant Zorikto Galsanov o`zbekistonlik shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi G`iyos Pozilovga qarshi og`rituvchi usul qo`llab shohsupadan joy olgan bo`lsa, -85 kg vazn toifasi uchun kechgan final jangida O`zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasi kursanti Bekzod Nurmatov rossiyalik sportchi Sharaf Davlatmurodovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va yana bir oltin medalni mamlakatimiz terma jamoasiga olib keldi.

-90 kg vazn toifasida g`oliblik uchun kechgan yakuniy bosqichda rossiyalik Anatoliy Tokov hamda qozog`istonlik Artyom Rogalskiy o`zaro kurashdi. Natijada rossiyalik sportchining qo`li baland kelib, g`oliblikka erishdi.

Shunday qilib, 2 kun davom etgan armiya qo`l jangi xalqaro chempionatida o`zbekistonlik harbiy sportchilar umumjamoa hisobida 1-o`rinni qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rin Rossiya vakillariga nasib etgan bo`lsa, 3-o`ringa qirg`izistonlik harbiy sportchilar erishdi.

Chempionat g`olib va sovrindorlari kubok, diplom, medallar bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng faol ishtirokchilar tashkilotchilarning alohida nominasiyalari bo`yicha mukofotlandi. MDH davlatlaridan kelgan vakillarga O`zbekiston Mudofaa vazirining esdalik sovg`alari tantanali topshirildi.

Eslatib o`tamiz, Toshkentda birinchi marotaba o`tkazilgan armiya qo`l jangi musobaqasida Rossiya Federasiyasi, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston hamda O`zbekiston Respublikalarining sharq yakkakurashlari ustalari ishtirok etdi.

Chempionat dasturiga muvofiq O`zbekistonga kelgan mehmonlar uchun poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalar uyushtirildi.

    Boshqa yangiliklar