2018 yil 18 sentyabr kuni soat 08:30 larda fuqaro V.Qobilov boshqaruvidagi “Vobkent Gulshani” MChJga qarashli davlat raqami 80 Y120 KA bo`lgan "ISUZI" rusumli avtobus Kogon tumanidagi “Zelich oil” metan gaz quyish shoxobchasidan yoqilg`i quyib, taxminan 700 metr yo`l bosganidan so`ng, A-380 avtomobil yo`li “Kogon-Qorovulbozor” yo`nalishining 201-kilometrida harakatlanib ketayotganida avtoulovning gaz balloni portlagani haqida xabar bergan edik.
Oqibatda avtobusdagi 26 yo`lovchidan 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonada vafot etgan. 21 nafar yo`lovchining 5 nafari og`ir, 7 nafari o`rta og`ir hamda 9 nafari engil ahvolda. 5 nafar ahvoli og`ir bemor Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga, qolganlari esa Kogon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga yotqizilib, ularga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.
Hodisa joyiga viloyat hokimi O`.Barnoev, viloyat prokurori B.Valiev, viloyat IIB boshlig`i Sh.Aliev, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig`i F.Omonov, Respublika DXX Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari A.Asrorov, viloyat IIB YHXB boshlig`i A.Ahmedov, YoXB boshlig`i Sh.Xushnazarov, viloyat IIB huzuridagi TB tergovchilari, viloyat IIB EKB boshlig`i L.Po`latov rahbarligidagi ekspertlar, sud-tibbiy eksperti, Respublika IIV YoXBB mas`ul xodimlari, Kogon shahri, Kogon, Vobkent va Buxoro tuman hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari, ushbu tuman-shahar IIBlari hamda Buxoro viloyat IIB tezkor-tergov guruhi a`zolari etib kelishdi.
Hodisa ro`y bergan joy videokamera hamda boshqa ilmiy-texnik vositalar qo`llanilgan holda “Sanoatgeokontexnazorat” Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida ko`zdan kechirildi va uning sxemasi tuzildi, tekshirish uchun ahamiyatga molik bo`lgan ashyolar olindi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Dastlabki tergov harakatlari viloyat IIB tergov boshqarmasi zimmasiga yuklatildi va viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.
Dastlabki tergov davomida sudga oid tibbiyot, avtotexnika va yong`in texnika ekspertizalari tayinlandi.
Shuningdek, “Zelich oil” metan gaz quyish shoxobchasida avtomobillarga yoqilg`i quyish normalariga rioya qilinishi ahvolini o`rganishga mutaxassislar jalb qilinib, tegishli ishlar olib borilmoqda.
Aniqlanishicha, Qorovulbozor tumanidagi “Rahmon Ahmad” fermer xo`jaligi rahbari R.Ahmedov va Vobkent tumani Xayrobodcha qishlog`ida yashovchi G.Roziqova qishloq xo`jaligi ishlariga jalb etish uchun tashkil qilingan 25 nafar fuqarodan iborat mavsumiy madad guruhini Vobkent tumanidan Qorovulbozor tumaniga olib borayotgan paytda ushbu hodisa sodir bo`lgan.
O`zA xabariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig`iga binoan vafot etganlar oilasiga 10 million so`mdan, og`ir tan jarohati olganlarga 5 million so`mdan va boshqa jarohatlanganlarga 2 million so`mdan moddiy yordam puli ajratildi.
Marhumlarning janoza marosimlari uchun barcha xarajatlar Vobkent tuman hokimligi tomonidan amalga oshirilmoqda.
19.09.2018 04:00
Buxorodagi avtohalokatda vafot etganlar oilasiga moddiy yordam ko`rsatiladi






