Respublika bo`ylab O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining hududiy bo`linmalari huzurida 130 dan ortiq Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish Markazlari (shelter) tashkil etildi.
Mazkur Markazlar Uzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy reabilitasiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo`rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq xalqaro tajribalarga tayangan holda zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarga manzilli, o`z vaqtida yordam ko`rsatish va ularni himoya qilish, o`z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaslik va uning oldini olish kabi ishlarga yo`naltirilgan.
Qarorga muvofiq, Xotin-qizlar qo`mitasi tizimida zo`ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko`rsatish, zarurat bo`lganda, ularga qo`shimcha yordam ko`rsatish ishlarini tashkil etish uchun mo`ljallangan respublika doirasida yagona qisqa raqamli “1146” «ishonch telefoni» ishga tushirildi. Bunda murojaatchi istagiga ko`ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanishi kafolatlanadi.
5 sentyabr kuni tashkil qilingan «Ishonch telefonlari»ga 74 ta qo`ng`iroq amalga oshirilgan hamda barcha murojaatchilarga tegishli yordamlar ko`rsatildi.
Xotin-qizlar qo`mitasi kelgusida mazkur Markazlar qoshida Kovorking markazlarni tashkil etishni ham ko`zda tutmoqda. Unda og`ir vaziyatga tushib qolgan ayollarni kasbga o`qitish xamda ularning bandligini ta`minlash ishlari amalga oshiriladi.
Hududiy markazlarga metodik yordam ko`rsatish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika markazi ham tashkil etilib, Adliya vazirligida ro`yxatdan o`tkazildi.






