Barchamizga yaxshi tanish bo`lgan, bolaligimizdan beri sevib tomosha qilib kelayotgan “Kelinlar qo`zg`oloni” filmi yillar o`tsa-da, o`z qadrini yo`qotmay kelayotir. “Bir asar tarixi” loyihamizda milliy filmlarimizning suratga olinish jarayonlaridagi qiziqarli voqealarni eslab, ijodkorlarning suhbatidan bahramand bo`lishni rejalashtirganmiz. Suratga olinganiga salkam o`ttiz yil bo`lgan “Kelinlar qo`zg`oloni” filmi qahramonlarini suhbatga chorlar ekanmiz, o`zimiz sog`ingan sevimli filmimiz qahramonlari bilan yana bir bor diydorlashdik va shu diydorni sizga ham ilindik...
«SURATGA OLIShGA RUXSAT BERMAY, QIYNAShGAN»
“Kelinlar qo`zg`oloni”ni suratga olishimdan avval Sotti rolini o`ynagan Dilbar Ikromovani kinosinovga chaqirganman, u “Men teatr aktrisasi bo`lsam, filmingizda o`ynolmayman, qolaversa, kinoga chiroylilarni suratga olishadi. Nima qilasiz meni bezovta qilib?” deya taklifimni rad etgan. Studiyaga kelganidan keyin zo`rg`a uni Sotti rolini o`ynashga ko`ndirganman. Filmni suratga olish jarayoni bilan bog`liq bir qiziq voqea hech yodimdan chiqmaydi. “S`yomka”da bizga sho`rva kerak bo`lib qoldi. O`choqda sho`rva qaynab turganda Obid Yunusov olovni to`g`rilayman deb, sho`rvani qozoni bilan ag`darib yuborgan...
Sho`rva qidirib, “s`yomka”ni bir necha soatga to`xtatishga majbur bo`lganmiz. Keyin qozon tagida qolgan ozgina sho`rvaga suv qo`shib, qaynatib ko`rsatganmiz.
O`shanda Farmonbibi rolini Maryam Yoqubova yoki Zaynab Sadrieva o`ynashi kerak, deb kartinani berkitib, suratga olishga ruxsat bermay meni ancha qiynashgan...
Agar Farmonbibini Zaynab Sadrieva o`ynaganida film teatrda qo`yilgan “Kelinlar qo`zg`oloni” bilan bir xil bo`lib qolardi. Shu bois qaynona roliga Tursunoy Jafarovani tavsiya qilganman. Bu filmda o`n besh, yigirma kishidan iborat aktyorlar jamoasi suratga tushgan. Lekin ular orasidan Tursunoy Jafarova, operator Najmiddin G`ulomov, Nabi Rahimov, Dias Rahmatov, Jamshid Zokirov, kabi filmdagi rollarini qoyilmaqom qilib ijro etgan mohir artistlarimiz bugun oramizda yo`q… Ilohim ularning ruhlari shod, oxiratlari obod bo`lsin.
"KLARA YO`QOLIB QOLGANDI"
Obid Yunusov, O`zbekiston xalq artisti, 1934 yilda tug`ilgan. Filmda milisioner Asqar rolida:
— Bir kuni “s`yomka” jarayonida Klara yo`qolib qoldi. Izlab topa olmadik. Bir necha soatdan so`ng ikkita sumkani to`ldirib kino maydonchasida Klara paydo bo`ldi. Keyin bilsak, uni beshik to`yiga xizmatga olib ketishgan ekan (kuladi). Klara tufayli “s`yomka” jarayoni soatlab to`xtab turgan. Men esa bu filmda Uning turmush o`rtog`i, milisiya xodimi rolini o`ynaganman. O`zi kichkina rolni o`ynaganligim bois bu haqda unchalik ko`p gapirishga arzimasa kerak deb o`ylayman...
Qiskacha ma`lumot:
Suratga olinga vaqti: 1985 yilda “O`zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan.
Janri: Oilaviy melodrama.
Asar muallifi: Said Ahmad.
Rejissyor: Melis Abzalov.
"TO`YDAGI AROQLAR SOXTA EDI"
Soat Sharipov, 1953 yil 14 martda tug`ilgan. Filmda Ma`mur rolida:
— Melis aka Farmonbibining o`g`li Ma`mur roliga mendan tashqari Sherqo`zi G`oziev, Xayrulla Sa`dievni ham taklif qilgan ekan. Sinovdan o`tishim mumkinligi xayolimga ham kelmagan. Qo`ng`iroq qilib aytishganida, juda xursand bo`lganman. Filmning to`y sahnasi Toshkentning “Qorasuv” mavzesida suratga olingan bo`lib, kinoga taklif qilingan aktyorlar, to`ydagi mehmon aktyor (massovka)lar yig`ildi, sahnalar qurildi. To`y dasturxoniga qo`yilishi kerak bo`lgan spirtli ichimliklar idishida suv va choy borligini biz aktyorlardan boshqa hech kim bilmasdi. Suratga olish bilan band bo`lganimizda, o`sha atrofda yurgan bezori yigitlar hech kimga bildirmay aroqlarni o`g`rilashibdi. Bir mahal to`yxonaning tepasiga chiqib olib ustimizdan kulgancha, “Hey, kinochilar, sizlarga omad. Kino suratga olayotgan ekansizlar, sog`ligingiz uchun!” deb baqirib, aroqni shishasi bilan ko`tarishdi. Birozdan keyin esa jahl bilan “Ey, bu qanaqasi? Qanaqa odamsizlar? Nega xalqni aldayapsizlar? Shishalarning ichidagi suv ekan-ku”, deya qichqirishgan (kuladi).
"ShPION"LIK MENGA MAShІURLIK KELTIRGAN"
Dilbar Ikromova, O`zbekiston xalq artisti, 1947 yilda tug`ilgan. Filmda Sotti rolida:
— “Kelinlar qo`zg`oloni” komediya janrida bo`lgani bilan “s`yomka” jarayoniga juda jiddiy qaralgan. Rolim o`zimga juda ham yoqqan. Shuning uchun iloji boricha, obrazga kirishga harakat qilganman. Sottini ijro etganimdan so`ng birin-ketin boshqa rejissyorlardan takliflar tusha boshladi. Keyinchalik, “yaxshiyamki, shu filmda o`ynagan ekanman”, deb xursand bo`ldim. Suratga olish ishlari tugaganidan so`ng xuddi bir narsamizni yo`qotib qo`ygandek bo`ldik. Aktyorlar jamoasida hamma bir-biriga o`rganib qolgan edi-da.
"KO`P KADRLARDAN QOLIB KETGANMAN"
Rixsi Ibrohimova, O`zbekiston xalq artisti, 1937 yilda tug`ilgan. Filmda Bo`ston rolida:
— “Kelinlar qo`zg`oloni” filmining “s`yomka” jarayonlarida xuddi bir oilaning farzandlaridek birlashib mehnat qilganmiz. Agar e`tibor bergan bo`lsangiz, men filmda juda kam ko`ringanman. Qo`zg`olon “s`yomka”larida men qattiq tumov bo`lib, shifoxonaga tushib qolganman. Bu paytda ancha-muncha sahnalarni suratga olib bo`lishgan. Shifoxonadan chiqqanimdan so`ng teatrga bormay qo`ysam, gap eshitaman, deb ko`p kadrlarda chiqmaganman.