AsosiyJamiyat

Adliya vaziri ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan qutladi

'Adliya vaziri ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan qutladi'ning rasmi

1 oktyabr – “O`qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universitetida O`zbekiston Respublikasi adliya vazirligi tizimida yuridik kadrlarni tarbiyalab kelayotgan professor-o`qituvchilar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda adliya organlari va muassasalari vakillari, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, akademik lisey va yuridik kollejlarning professor-o`qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda adliya vaziri Ruslanbek Davletov so`zga chiqib, ta`lim sohasida olib borilayotgan keng miqyosli islohotlar, bu jarayonda yuridik ta`limga alohida e`tibor qaratilayotganini qayd etdi. Hozirda vazirlik tasarrufidagi yuridik ta`lim muassasalarida 1000 ga yaqin pedagog xodimlar mehnat qilib kelmoqda. Ular orasida 1 nafar akademik, 22 nafar professor, 23 nafar fan doktori va 67 nafar falsafa doktori bor. Mazkur raqamlar yuridik ta`limning yuqori sifati va yuksak salohiyatidan dalolatdir.

Prezidentimizning joriy yilda qabul qilingan adliya organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir farmon va qarorlariga muvofiq respublikamizning barcha hududlarida 14 yuridik kollej tashkil etildi. Mazkur kollejlarning eng namunali bitiruvchilari hududiy adliya organlarining yo`llanmalari bo`yicha kirish test sinovlarisiz Toshkent davlat yuridik universitetiga o`qishga qabul qilinadi.

Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish markazi tashkil etildi, unda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida ishlash huquqini beradigan oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.

Tadbirda yoshlar tarbiyasida o`zining munosib hissasini qo`shib kelayotgan professor-o`qituvchi va xodimlar adliya vazirligining faxriy yorlig`i va qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandi.

    Boshqa yangiliklar