29 sentyabr kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida 1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Tadbirda O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov, vazirlikning mas`ul ofiserlari, harbiy ta`lim muassasalari o`qituvchilari, OAV vakillari hamda estrada xonandalari ishtirok etdi.
Bayram munosabati bilan harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo`lida mehnat qilib kelayotgan bir guruh professor-o`qituvchilar mudofaa vazirining «Namunali xizmatlari uchun» ko`krak nishonlari va esdalik sovg`alari, shuningdek pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

«Oliy harbiy ta`lim muassasalari va kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida harbiy kadrlarga harbiy soha va harbiy san`at rivojidagi asosiy tendensiyalarni aks ettiradigan, prinsipial jihatdan yangi mutaxassislik va ilm-fan yo`nalishlarini, jangovar harakatlarni olib borishning xorijiy tajribasi, zamonaviy shakl va metodlarini hisobga olgan holda bilim va ko`nikmalar berish – Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishning muhim mezonidir», — deya ta`kidlab o`tdi Abdusalom Azizov.
Ta`kidlash joizki, hozirda Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy ta`lim muassasalari, Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi, “Temurbeklar maktab”lari kabi ta`lim dargohlarida 800 dan ziyod malakali pedagoglar faoliyat ko`rsatmoqda.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda estradamizning yorqin xonandalari ishtirokidagi ustozlarga atalgan konsert dasturi bayramga o`zgacha kayfiyat baxsh etdi.






