AsosiyJamiyat

Maktabgacha ta`lim vazirligi xodimlari xorijda o`qishi, malakasini oshirishi mumkin

'Maktabgacha ta`lim vazirligi xodimlari xorijda o`qishi, malakasini oshirishi mumkin'ning rasmi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta`lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida Maktabgacha ta`limni rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Unga ko`ra, Maktabgacha ta`lim vazirligi xodimlarining xorijda o`qishi, qayta tayyorlanishi va malakasini oshirishi Maktabgacha ta`limni rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, jamg`arma mablag`lari:

- maktabgacha ta`lim muassasalarini belgilangan tartibda maqsadli qurilishlar ro`yxatiga kiritib, ularning tarmog`ini kengaytirishga;

- maktabgacha ta`lim tizimi xodimlarini moddiy rag`batlantirishga;

- yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;

- Vazirlikka yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy va oliy ta`lim muassasalari, etakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchilar sifatida jalb qilishga;

- Vazirlik, Qoraqalpog`iston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta`lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta`lim tuman (shahar) bo`limlari va davlat maktabgacha ta`lim muassasalari binolarini jihozlash va ta`mirlashga;

- ta`lim-tarbiya jarayoniga ilg`or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo`naltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi.

    Boshqa yangiliklar