Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan 31-sonli umumta`lim maktabi direktori lavozimidan nohaq ishdan bo`shatilgan Nuriya Semmari lavozimiga tiklandi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi
Axborot xizmati xabar berdi.
2018 yilning avgust oyi so`ngida Xalq ta`limi vazirligining “Ustoz ovozi” virtual inspektor tizimining telegramm botiga ushbu maktab bitiruvchilari, hozirda Rossiyada va Janubiy Koreyada istiqomat qiluvchi Guseyn Nadjafov va Oksana Kimlar murojaat qildilar.
Ular o`z murojaatlarida tajribali, o`z ishining ustasi va mahoratli pedagog, 31-sonli umumta`lim maktabi direktori Nuriya Semmari egallab turgan lavozimidan nohaq ishdan olingani va Xalq ta`limi vazirligidan ushbu holatni atroflicha o`rganib chiqishni so`ragan edilar.
Xalq ta`limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ushbu murojaatlarni o`rganib chiqdilar va Nuriya Semmari 31-sonli umumta`lim maktabi direktori lavozimidan nohaq bo`shatilgani aniqlandi.
Shundan so`ng esa, Nuriya Semmari direktorlik faoliyati davomida samarali ishlagani va yuqori natijalarga erishganini inobatga olgan holda vazifasiga qaytarildi.
Mazkur holatlar yuzasidan murojaat qilgan shaxslar quyida o`z munosabatlarini bildirishdi. – “Bizning murojaatimizga befarq bo`lmaganingiz va e`tibor berganingiz uchun o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Mirobod tumanidagi 31-umumta`lim maktab direktori Semmari Nuriya Maxmudovnaning lavozimiga qaytgani barchamizga katta quvonch bag`ishladi. Boisi Semmari Nuriya o`z kasbining fidoyisi. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki hozirgi kunda xalq ta`limi tizimida aniq va to`g`ri olib borilayotgan islohotlarga guvoh bo`ldik”, deb ta`kidladi Guseyn Nadjafov.






