AsosiyJamiyat

O`zbek-Rossiya matbaachilari hamkorlik qiladi

'O`zbek-Rossiya matbaachilari hamkorlik qiladi'ning rasmi

Bu haqida 2018 yil 3 oktyabr kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriev hamda Rossiyaning eng yirik matba korxonalaridan biri “Pareto-print” nashriyot-poligrafiya kompleksi bosh direktori P.Arsenev o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvda aytib o`tildi.

Avval xabar berilganidek, bugun XX “Qadoqlash va bosma ishi – O’ZuPACK – O’ZBEKinPRINT – O'ZuPACK 2018” xalqaro ko`rgazmasi o`z ishini boshladi. Ushbu xalqaro tadbir O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o`tkazilmoqda.

Ko`rgazmada jahonning 15 mamlakati, jumladan, Avstriya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Qozog`iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, AQSh, Turkiya, Fransiya, Rossiya, O`zbekiston, Finlyandiya hamda Yaponiyadan 66 ta kompaniya va brend qatnashmoqda.

– 2009 yilda o`z faoliyatini boshlagan “Pareto-print” kompaniyasi bugungi kunda Rossiya kitob bozorining 15 % mahsulotini nashr qilishi bilan ajralib turadi, – deydi P.Arsenev. – Biz O`zbekiston kitob bozorini o`rganib chiqdik va bu borada o`z xizmatlarimizni taklif qilmoqchimiz.

Shuningdek, uchrashuv davomida P.Arsenev “Pareto-print” nashriyot-poligrafiya kompleksining ish faoliyati, kompaniya erishayotgan yutuqlar, ularning qamrov doirasi, foydalanilayotgan zamonaviy texnik uskunalar haqida batafsil ma`lumot berdi.

– Biz “Pareto-print” kompaniyasini texnologik jihatdan modernizasiyalashgan korxona sifatida yaxshi bilamiz. MDH davlatlari ichida kompaniya zamonaviy uskunalar bo`yicha etakchi o`rinlardan birida turadi, – deydi O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriev. – Sizlardagi innovasion rivojlanish va ilg`or tajribalarni o`rganish o`zbekistonlik matbaachilar uchun foydadan xoli bo`maydi. Hamkorligimizni mana shu yo`nalishda olib borishni taklif qilgan bo`lardim.

    Boshqa yangiliklar