Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qaror asosida “bir saylovchi – bir ovoz” prinsipiga to`liq rioya qilinishini ta`minlash nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, mamlakatimizning butun hududida saylov jarayoniga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi joriy etiladi va Saylovchilarning yagona elektron ro`yxatidan foydalaniladi.
Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar muddatda fuqarolarning pasport ma`lumotlarini ko`chmas mulk ob`ektining kadastr raqamiga bog`lagan holda vazirlik ma`lumotlar axborot bazasida ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari to`g`risidagi axborotni to`liq muvofiqlashtiradi.
Shu bilan birga, qaror bilan Saylovchilarning yagona elektron ro`yxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.






