1

Surxondaryoda sud ijrochilari ko`z o`ngida qotillik sodir etildi

Jinoyat 06.10.2018, 10:02
Surxondaryoda sud ijrochilari ko`z o`ngida qotillik sodir etildi

Oila qurish, u xoh qonuniy, xoh shar`iy bo`lsin, har ikki yoshga o`ziga yarasha mac`uliyat yuklaydi, deb yozadi “Huquq” nashri.

1991 yilda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan Mansur Kenjaev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ham onasi topib bergan qizga shar`iy nikoh bilan uylangach, ro`zg`or tebratish tashvishiga tushdi. Tayinli hunari bo`lmagani sababli, Chirchiq shahriga kelib, dehqon bozorida aravakashlik bilan shug`ullana boshladi.

Turmushning o`ziga yarasha «musht»lari bo`la-di. Avvaliga risoladagidek yashagan yoshlarning o`rtasiga ko`p o`tmay, sovuqchilik tushdi. Er birni aytsa, xotini ikki bilan javob qaytardi. Orada xotini ikki-uch bor ota uyiga ketib ham qoldi. Mahalla hamda ota-onalar o`rtaga tushib, ularni yarashtirib qo`yishdi. Ammo oilaviy janjallar tugamadi. Mansur xotiniga qo`l ko`tarishgacha bordi. Natijada sud tomonidan jarima jazosiga tortildi.

"Er xotinning urishishi — doka ro`molning qurishi", deyilganicha bor ekan. Ko`p o`tmay ular yarashib, yana birga yashay boshlashdi. Biroq, bu uzoqqa cho`zilmadi. Janjallar yana avj oldi, xotini uyiga ketib qoldi. Bu paytga kelib, xotini o`ziga tegishli mol-mulkni qaytarishni so`rab, sudga murojaat qildi. Sud tomonidan uning da`vosi qanoatlantirildi.

2017 yilning bahori. Mansur bozorda arava tortib yurganida, uyidan chaqirib qolishdi. Uni xotini bilan qaynsinglisi hamda sud ijrochilari kutib olishdi. Sud ijrochilari o`zlarini tanishtirib, sud qarori ijrosi yuzasidan kelishganini aytishgan edi, u roziligini bildirib, indamay bir chetga o`tirdi. Ijrochilar xatlovni boshlashdi.

Bir mahal xotini ayrim buyumlari eskirib, urinib qolganini aytib, yangisini olib berishni talab qila boshladi. Unga singlisi ham qo`shildi. Shu paytgacha jim o`tirgan Mansur to`satdan asabiylasha boshladi. Qulog`iga gap kirmay, miyasida turli fikrlar charx ura ketdi. Xonada nimalar bo`layotganini idrok etolmay, yon-atrofiga alangladi-yu, ko`zi bir chetda yotgan pichoqqa tushdi. U pichoqni qanday oldi, qanaqa qilib qaynsinglisining ko`ksiga sanch­di, o`zi ham bilmay qoldi. Qaynsinglisi eshik tomon qochganida esa qo`rquvdan dong qotgan xotiniga yuzlandi-da, endi unga pichoq bilan tashlandi. Xotini yiqilganidan keyin ham unga ketma-ket zarba berdi. Qimirlamay qolgach, pichoqni tashlab yubordi. O`zi tash­qariga chiqib, bir chetga o`tirdi.

To`satdan yuz bergan hodisadan dahshatga tushgan ijrochilarning biri milisiyaga, bosh­qasi tez yordamga qo`ng`iroq qildi. Yana biri esa mashinasida borib, qishloq tez tibbiy yordam shoxobchasi feldsherini olib keldi. Feldsher opa-singilni tekshirib ko`rgach, o`lim holatini qayd etdi. Ko`p o`tmay, tez yordam hamda ichki ishlar xodimlari ham etib kelishdi…

Sud jahlini jilovlay olmay, arzimagan buyumlarni deb, ikki insonning hayotdan bevaqt ko`z yumishiga sababchi bo`lgan Mansur Kenjaevga 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1