Samarqandda qo`shnisini vahshiylarcha o`ldirgan yigit 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat 08.10.2018, 10:42
Samarqandda qo`shnisini vahshiylarcha o`ldirgan yigit 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Inson tabiati qiziq. O`ziga g`am-qayg`u, tashvish keltiradigan narsaga o`ch bo`ladi. Spirtli ichimlik ta`sirida kelib chiqqan qanchadan-qancha nizolar, ko`ngilsizlik, baxtsizliklarni eshitganmiz, guvohi bo`lganmiz. Shunday bo`lishiga qaramay, ayrimlar uchun bu ichimlikdan voz kechish yoki ichganda me`yorni bilish ancha mushkul, deb yozadi Samarqand viloyat prokurorining katta yordamchisi Muzaffar Qilichev “Huquq” nashrida.

Mansur (ism-familiyalar o`zgartirilgan) o`sha kuni ishdan ertaroq chiqdi. Amakisini bayram bilan tabriklash uchun borayotgan edi, qarshisidan hamkasblari Sarvar bilan Jalol chiqib qolishdi.

— Ko`rishganimiz yaxshi bo`ldi. Bugun bir bayram qilaylik, — dedi ularga qarab.

Ular oshxonalardan biriga kirishdi. Somsa eb, ikki shisha aroqni bo`shatishdi. Ichlariga shayton kirgach, bir-birlarini tezlab, pivoxonaga yo`l olishdi. Bu paytda Mansur mast bo`lib qolgan edi. Uning avtomashinasini Sarvar boshqarib, uyiga olib borib qo`ygach, sheriklari «ishimiz bor», deb ketib qolishdi.

Kiyimlarini almashtirgan Mansur bo`lsa, yotib dam olish o`rniga, yana ko`chaga chiqdi. Qo`shni mahallada yashovchi Murodga ko`zi tushdi. U ham tomog`ini «ho`llab» olgan ekan. Mansur uyiga kirayotgan edi, Murod uni to`xtatdi.

— Nimaga salom bermaysan, «bratishka»? Katta bo`lib, puling ko`paydimi, odamni mensimaysan? — deya tanbeh berdi.

Afsuski, Mansur indamay qo`ya qolmadi. O`rtada janjal chiqdi. Murod Mansurning yuziga bir musht tushirgan edi, qoshi yirtilib ketdi. O`zi erga yiqildi. Murodning og`zi ham, qo`l-oyog`i ham tinmadi. Hammasi mayliku-ya, ammo Mansur uning turmush o`rtog`i va qizining sha`niga kurakda turmas so`zlar aytib, haqoratlaganiga chiday olmadi. Ichidagi shayton uni tezladi. O`rnidan turib, uyiga yo`l oldi. Murod ham uning ortidan kelayotgandi. Mansur to`g`ri oshxonaga kirib, pichoq oldi va bir nimalarni to`n¬g`illab, tashqariga otildi. Uning qo`lida pichoq ko`rgan Murod erdan tosh oldi. U avvaliga Mansurning bir-ikki zarbasini qaytardi. Lekin qo`lidagi tosh bilan unga bas kelolmasligini bilgach, qochmoqchi bo`ldi-yu, orqasidan tekkan pichoqdan erga yiqildi. Vahshiylashib ketgan Mansur uning ko`krak qafasi va bo`ynini ham jarohatladi. Yaqin atrofda mashina ta`mirlayotgan yigit yugurib kelib, Mansurni to`xtatib qoldi.

Murodni yo`lovchi mashinada shifoxonaga keltirishdi. Biroq, shifokorlar uning yo`lda vafot etganini aytishdi.

Tergov jarayonida Mansur avvaliga aybini tan olmadi. «Xotiramni yo`qotganman, hech nimani eslay olmayapman», deya turli bahonalar qilib ko`rdi. Ammo vaqt o`tib, odil sudlovni hech qanday bahona bilan chalg`itib bo`lmasligini tushundi, aybiga iqror bo`ldi.

Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor, deb topilgan Mansurga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bularning bari bir necha soat ichida ro`y berdi. Ikki vujudni shayton izmiga olgach, o`z kuchini ko`rsatdi. Begunoh bolalar etim qolishdi. Mansurga bir umrlik «qotil» degan tamg`a bosildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1