AsosiyJamiyat

Bir guruh Osiyo o`yinlari g`oliblariga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

'Bir guruh Osiyo o`yinlari g`oliblariga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi'ning rasmi

9 oktyabr kuni Mudofaa vazirligida XVIII yozgi Osiyo o`yinlarida ishtirok etib, g`oliblikka erishgan hamda sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgan Mudofaa vazirligi Sport klubi sportchilari va ularning murabbiylarini sharaflashga bag`ishlangan tantanali tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdirlash marosimida O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi raisi Umid Ahmadjonov, O`zbekiston boks federasiyasi raisining birinchi o`rinbosari Abdullo Sagdiev ishtirok etdi va mamlakatimiz sharafini jahon sport arenasida munosib himoya qilgan armiya sportchilariga minnatdorlik bildirdi.

XVIII yozgi Osiyo o`yinlarida og`ir atletika sport turi bo`yicha rekord o`rnatgan shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchilar Ruslan Nuriddinov, kanoeda eshkak eshish bo`yicha Osiyo o`yinlarining 4 karra g`olibi Vadim Menkov hamda engil atletika Nadiya Dusanovaga navbatdagi leytenant harbiy unvonlarini tantanali topshirdi.
Tadbir davomida Osiyo o`yinlarida g`olib va sovrindor bo`lgan hamda Olmaotada bo`lib o`tgan boks bo`yicha 22-xalqaro turnirida munosib o`rinlarni qo`lga kiritgan sportchilar mudofaa vazirligi tomonidan maishiy texnika buyumlari, ko`krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari mamlakatda sportni rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun Abdusalom Azizov O`zbekiston milliy olimpia qo`mitasi raisi, jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda O`zbekiston boks federasiyasi raisining birinchi o`rinbosariga Mudofaa vazirligining esdalik sovg`alarini topshirdi.

Eslatib o`tamiz, Jakarta va Palembang shaharlarida o`tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o`yinlarida Mudofaa vazirligi Sport klubining 50 nafar a`zosi ham O`zbekiston sharafini himoya qilib, 10 ta oltin, 12 ta kumush va 11 ta bronza medalini qo`lgan kiritgan edi. Bu mazkur Osiyo o`yinlarida o`zbekistonlik sportchilar tomonidan qo`lga kiritilgan jami medallar sonining 48 foizi demakdir.


    Boshqa yangiliklar