AsosiyShou-biznes

SERDAR ORTACh ASALXO`JAEVALARNI QO`RQITDIMI?

“Chuv tushdi” loyihasi o`z ishini davom ettiradi. Bu gal xonanda Guli Asalxo`jaevani chuv tushirishga qaror qildik. Guli Asalxo`jaeva turk xonandasi Serdar ortachning “Varmi” qo`shig`iga monand tarzda “Bormi?” nomli qo`shiq kuylagandi. Shu qo`shiqni das­tak qilib, Guli Asalxo`jaevani chuv tushirishga kirishdik.

Avvaliga “darakchi.uz” saytiga Serdar Ortach uylangani haqida xabar joyladik. Keyin xabar ostiga  bir muxlis nomidan Serdar Ortachning qo`shig`ini Guli Asalxo`jaeva o`g`irlab kuylagani haqidagi fikrni ham kiritib qo`ydik.

Oradan ikki kun o`tgach, gazetamiz bosh muharriri  Rustam Jabborov yashirin raqamlardan Guli Asalxo`jaevaning ma`muri hamda turmush o`rtog`i Ravshan Xo`jaevga qo`ng`iroq qildi va turk tilida o`zini Serdar Ortachning ma`muri deya tanishtirdi.

Rustam Jabborov (turk tilida): — Afandim, men Turkiyaning Istanbul shahridan qo`ng`iroq qilyapman. Siz turkchani tushunasizmi?

Ravshan Xo`jaev: — Eshitaman. Harakat qilaman...

— Biz Guli xonim bilan gaplashmoqchi edik, uni chaqirib bera olasizmi?

— Biror gapingiz bo`lsa, ayting, men etkazib qo`yaman.

— Serdar Ortach degan xonandani taniysizmi? Men uning yordamchisi Fikret O`zdemirman. Hozir internetda — darakchi.uz saytida Serdar bey haqidagi bir ma`lumotni o`qib qoldim.  Xabarda Guli Asalxo`jaeva Serdarning qo`shig`ini o`g`irlagan degan ma`lumot yozilgan ekan. Shu bois Guli xonim bilan gaplashmoqchi edik.

— (Esankirab) Kechroq qo`ng`iroq qiling... Guli bilan gaplashib javobini aytaman...

— Hoziroq gaplashib olishimiz kerak. Biz Guli xonimni tanimaymiz. Nega bunday qildi? Nega Serdarning qo`shig`ini o`zidan ruxsatsiz kuyladi? O`zbek tilini biroz tushunganligim bois shu zahoti maqolaga oydinlik kiritishga kirishdim. Bir soat ichida javobini Serdar beyga aytishim kerak. Guli xonim bizning markazimizdan boradigan vakil bilan gaplashib, javobini aytsin. Tamom!

Rustam Jabborov “jahl bilan” go`shakni qo`ydi. Oradan besh daqiqa o`tmay Guli Asalxo`jaevaning opasi Mavluda Asalxo`jaeva “Darakchi” gazetasi muxbiri Qamariddin Shayxovga qo`ng`iroq qilib, nima gapligini surishtirdi..

Qamariddin: (“Hayron bo`lib&rdquo — Mavluda opa, men “otpusk”da edim, bugun keldim, hech gapdan xabarim yo`q...

M.Asalxo`jaeva: — Uf, siz doim “otpusk”da yurarkansiz-da! (zarda bilan go`shakni qo`yadi).

Biroz vaqt o`tgach, Mohichehra Eshmirzaeva xonandaning ma`muri Ravshan Xo`jaevga qo`ng`iroq qilganida...

— Menga qarang sing­lim, qaerga arz qilsa qilsin, biz bora olmaymiz! (Go`shakni qo`yib, telefonini butunlay o`chirib qo`ydi.)

Birozdan so`ng Mavluda Asalxo`jaevaga qo`ng`iroq qildik.

— Mavluda opa, hozir Turk madaniyat markazidan Serdarning vakili tahririyatimizga etib keldi. Singlingizning telefoni o`chiq. Siz kelib, masalani hal qilmasangiz bo`lmaydi.

— (Asabiylashib) Men Toshkentda emasman, qanday etib boraman? Kim ekan u o`zi Serdarning vakili? Otini ayting...

— Bilmadim, vakil bosh muharririmiz bilan gap­lashib, sizni kutayapti.

— Men xizmatdaman, dedim-ku! Telefonni bering, o`zim gaplashaman.

— Vakil siz bilan yuzma-yuz ko`rishib, gaplashmoqchi. U yoqdan Serdar Ortachning ma`muri qo`ng`iroq qilyapti. Tez kelmasangiz, boshimiz baloga qoladiganga o`xshaydi.

— Men Turkiyada ishlaganman. Serdar Ortach meni yaxshi taniydi. Hozir o`ziga qo`ng`iroq qilib gaplashaman.  Shuncha yil o`tib, kim va nega “kovlashtirish­yapti?”.

— Bizga bu “mashmasha” nega kerak? Men muharririmdan gap eshityapman. Xonandani tezroq top, deyapti. Qo`shiqni singlingiz o`g`irlab kuyladimi, kelib, o`zi javob bersin!

Oradan bir-ikki soatlar o`tib, Mavluda Asalxo`jaeva singlisi Guli Asalxo`jaeva bilan tahririyatga kirib keldi. Uning vajohatidan hazilimiz zil bo`lmasa edi, deb cho`chib turibmiz. Loyihaning barcha ishtirokchilari muharrir xonasida!

— (Salom-alik qilgach, alanglab Serdarning vakilini qidira boshladi) Qani, qaerda Serdarning vakili?

Yana o`sha bosh muharririmiz endi o`z rolida Mavludaga yuzlandi:

— Ketdi! O`tiradimi, sizni kuti-i-i-b...  Vaqtida kelmadingizmi, endi o`zingizdan ko`ring. Ustingizdan arz qilib, xalqaro tashkilotlarga  yozarkan.

— Nega meni kutmadi?  Hoy, vakil men bilan yuzma-yuz gaplasharkan deb, boshqa tumandan o`pkamni qo`ltiqlab etib kelibman. Nega ketadi?

Guli Asalxo`jaeva: — Opa, Serdarga qo`ng`iroq qila qoling...

Bosh muharrir: — Ie, hali qilmadingizmi? Boya Serdar bilan o`zim gaplashaman, degan ekansiz-ku, muxbirlarimizga...

— Boya tusha olmadim... (Jahl bilan telefonida raqam tera boshlaydi. Bir-ikki marta uringach o`chirdi. Keyin o`z ma`muriga qo`ng`iroq qilib, “Tezda Serdarni top, sening ishingni ham men qilaymi?” deb baqirdi).

Mavluda Asalxo`jaevaning qattiq asabiylashayotganini, har zamonda boshini ushlab qo`yayotganini ko`rib, hazilimizga nuqta qo`yishga qaror qildik. Chunki Mavluda Asalxo`jaeva asabiylashganidan “Darakchi” hazili” degan yozuvni ko`targan Mohichehra xonaga sekin mo`ralaganini ham sezmadi.

Bosh muharrir: — Mavluda opa, biz sizni hurmat qilamiz, bu shunchaki hazil edi...

— Tushunmadim?! (esankirab).

— Aslida “qar­moqqa” Gulini tu­shirmoqchi edik. Lekin siz “ilindingiz”!

— Ie, nima deyapsiz o`zi? Tushunmadim, sizga... Bu... hammasi... Haligimidi, yo`g`-ey, hazilmidi?.. (Mavluda Asalxo`jaeva avvaliga hammaga birma-bir yovqarash  qilib, so`ng to`satdan kulib yubordi. Keyin o`rnidan tura solib Mohichehrani quva ketdi): — Hali senmi, meni telefonda qo`rqitadigan? Qani, bu yoqqa kel, qulog`ingni bir cho`zib qo`yay-chi? (hamma kulib yubordi). Hazilingiz ham bor bo`lsin, shunaqa ham hazil qilasizlarmi-ey? O`takam yorilib, qon bosimim ko`tarilib ketdi-ku! Serdar rostdan surishtirgan bo`lsa, endi nima qilaman, deb asabiylashganimdan qon bosimim bir yuz ellikka chiqib ketdi-ya! Xayriyat-ey hazil ekan.

— Aslida Guli opani chuv tushirmoqchi edik. Shu gal ham ularni himoyangizga oldingiz-a, qoyil!

— Chippa-chin isho­nibman-a? O`zi hamma qo`shiqlarni sotib olib, ke­yin kuylayman, bitta shunga ruxsat so`ramaganman. Guliga aytaqol, degan o`zimman-da.

— Ha, unda bizga chuv tushganingiz bejizga emas ekan!

Mohichehra EShMIRZAEVA tayyorladi.

Loyiha ishtirokchilari: Rustam Jabborov, Dilfuza Sobirova,  

Fotomuxbir: Timur

    Boshqa yangiliklar