Farg`onada 9-sinf o`quvchisi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat 10.10.2018, 14:22
Farg`onada 9-sinf o`quvchisi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati sudi tomonidan sudya R.Arapov raisligida Farg`ona shahridagi 6-umumta`lim maktabi 9-sinf o`quvchisi Jahongir To`raqulovning jinoyat ishi ko`rib chiqildi va unga nisbatan hukm o`qildi, deb xabar bermoqda «O`zA».

Jahongir To`raqulov 2018 yil 5 aprel kuni Farg`ona shahar Sayilgoh ko`chasida joylashgan kompyuter o`yinlari klubiga kirib, o`zini go`yo kompyuter o`ynayotgandek tutib, atrofni zimdan kuzatadi. U qarovsiz qoldirilgan jabrlanuvchi A.Muhammadjonovga tegishli, narxi 500 ming so`mlik «Samsung Galaxy S6» rusumli uyali aloqa telefon apparati va g`ilofidagi 50 AQSh dollarini yashirin ravishda o`g`irlab, voqea joyidan yashirinadi.

Bundan tashqari, voyaga etmagan J.To`raqulov 2018 yil 28 may kuni tungi soat 02:00larda Farg`ona shahar Dehqonlar ko`chasida aholiga transport xizmati ko`rsatib turgan jabrlanuvchi I.Abdullaevni qasddan, tamagirlik niyatida o`ldirib, unga tegishli oq rangli, «Spark» rusumli, 40 O 818 OA davlat raqamli avtomashinani qo`lga kiritishni maqsad qiladi. I.Abdullaevning yoniga kelib, undan «Kapitalbank» oldiga olib borib qo`yishni so`raydi va avtomashinaga guyo yo`lovchi sifatida o`tiradi.

Farg`ona shahar Farovonlik ko`chasi 48-uy yaqinidagi xilvat joyga etib kelganida avtomashinani to`xtatishni so`rab, tevarak-atrofni kuzatadi. Jinoiy niyatini amalga oshirish uchun qulay vaziyat ekanini bilib, avtomashinaning orqa o`rindig`iga o`tirib, sumkasidagi sariq rangli, yog`och dastali oshxona pichog`ini qo`liga oladi va I.Abdullaevning bo`yin, chap o`mrov va boshqa qismlariga o`n bir marta sanchadi. Tabiiyki, I.Abdullaev hayotini saqlab qolish uchun avtomashinadan tushib qochib ketadi. J.To`raqulov qasddan odam o`ldirishga qaratilgan jinoiy harakatini o`ziga bog`liq bo`lmagan holatlarga ko`ra oxiriga etkaza olmagan bo`lsa-da, jabrlanuvchiga tegishli avtomashinani olib qochadi.

Shu vaqt xizmat burchini bajarib turgan harbiy xizmatchi A.Rasulov I.Abdullaevning yordam so`ragan ovozini eshitib, voqea joyiga etib keladi va unga vaqtida yordam ko`rsatadi. Shu tufayligina uning hayoti saqlab qolingan va Farg`ona shahar IIB tomonidan o`tkazilgan «Tutib olish» tezkor tadbiri natijasida J.To`raqulov avtomashinani Farg`ona shahar Aeroport ko`chasida boshqarib ketayotganida to`xtatilib, qo`lga olingan.

Sud tomonidan mazkur jinoyat ishi qonuniy asosda ko`rib chiqilib, J.To`raqulovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1