AsosiyJamiyat

"Frankfurt Buchmesse" xalqaro kitob ko`rgazmasi ochildi

'"Frankfurt Buchmesse" xalqaro kitob ko`rgazmasi ochildi'ning rasmi

2018 yil 10 oktyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida an`anaviy “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko`rgazmasining tantanali ochilish marosimi GFR prezidenti Shtaynmayr, diplomatik korpus vakillari, elchilar, shuningdek, ko`plab xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan noshir va matbaachilar ishtirokida bo`lib o`tdi.

Mazkur yirik ma`rifiy festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan etakchi nashriyot-matbaa korxonalaridan tarkib topgan O`zbekiston matbuot va axborot agentligi boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi noshirlarimiz hamda matbaachilarimiz erishgan yutuqlari aks etgan taqdimotlar bilan qatnashmoqda.

- Ko`rgazmada O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O`zbekiston”, “O`qituvchi”, G`afur G`ulom, Cho`lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O`zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Ma`naviyat” nashriyot-matbaa uyining 500 ga yaqin O`zbekistonning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari aks ettirilgan kitob-albomlar, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilayotir, - deydi O`zMAA Bosh direktori, O`zbekiston delegasiyasi rahbari Laziz Tangriev. - Mazkur tadbirda ishtirok etishdan ko`zlangan maqsad O`zbekistonning noshirlik va matbaachilik sohasidagi yutuqlari, nashriyotlarning matbaa mahsulotlarini Evropa mamlakatlarida targ`ibotini tashkil etish, mahsulot eksportini yo`lga qo`yish, ushbu yo`nalishda jahonning ilg`or tajribalarini o`rganish va hayotga tatbiq etishdir.

“O`zbekiston” milliy pavilonida yurtimiz tarixi va buguni, o`zbek milliy urf-odat hamda an`analari aks etgan namunalar keltirilgan. Hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan bejirim buyumlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otmoqda. Pavilondagi monitorda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nashriyot-matbaa ijodiy uylar faoliyatiga bag`ishlangan videorolik muntazam namoyish etiladi.

O`zbekiston delegasiyasi vakillari ko`rgazmada samarali ishtirok etmoqda. Xususan, o`zbek noshirlari Rossiyaning “Flamingo”, Polshaning “Book institute”, Eronning “Shahrestan”, Belgiyaning “Caramel”, Buyuk Britaniyaning “Account executive”, “Sweet Cherry Publishing”, Avstriyaning “TBC global”, Qatarning “Lusail” singari o`nlab nashriyotlar bilan kitob mahsulotlarini chop etish yuzasidan mualliflik huquqini sotish, sotib olish va tarjima qilish bo`yicha qator kelishuvlarga erishdi.

- Mamlakatingizda qariyb ikki mingga yaqin nashriyot va matbaa korxonalari faoliyat yuritishini eshitib, rosti havasim keldi. Chunki bizda bunday korxonalar nihoyatda kam, -deydi eronlik yozuvchi va noshir Mahdoht Asgari. - Texnika taraqqiy etgan davrda bosma kitoblar o`rnini elektron kitoblar egallaydi. Shunday bo`lishiga qaramay yurtingizda bir yilda o`n milliondan ortiq kitoblar nashr etilayotgani o`zbek xalqining kitob mutolaasiga bo`lgan ishtiyoqi baland ekanligini ko`rsatadi.

Eslatib o`tamiz, “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko`rgazmasi 14 oktyabrga qadar davom etadi.

Bekzod Hidoyatov,

O`zMAA Xalqaro aloqalarni muvofiqlashtirish va

investisiyalar bo`limi bosh mutaxassisi,

Frankfurt

    Boshqa yangiliklar