Adliya vazirligi tomonidan aholining huquqiy bilimini baholash va rag`batlantirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish, shuningdek qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga etkazish bo`yicha ishlar samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 11-12 oktyabr kunlari butun respublika bo`ylab “Huquqiy bilimlar kuni” nomi ostida fleshmob ko`rinishidagi tadbirlar o`tkazilmoqda.
#huquqiybilimlarkuni heshtegi ostida o`tgan fleshmob Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar hamda ulardagi tumanlar markazlarida tashkil etildi.
Toshkent shahri hududida esa bir vaqtning o`zida 6 ta joyda: Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Eko bozor” savdo majmuasi, Chilonzor tumanidagi “G`afur G`ulom” istirohat bog`i, Shayxontohur tumanidagi “Anhor lokomotiv” parki, Yakkasaroy tumanidagi “Next” savdo majmuasi, Yunusobod tumanidagi “Oloy” bozori hamda “Mega planet” savdo majmuasi markaziy maydonlarida bo`lib o`tdi.

Fleshmobda minglab fuqarolar ishtirok etib, tadbir doirasida ularga hududiy adliya organlari va adliya bo`limlari xodimlari hamda notariuslar va advokatlar tomonidan bepul huquqiy maslahatlar berildi.
Ishtirok etgan fuqarolarga Adliya vazirligi tomonidan minimal talablar asosida ishlab chiqilgan hamda aholi bilishi lozim bo`lgan uy-joy, oila, soliq, bank, tadbirkorlik, er, mehnat va ta`lim qonunchiligiga oid, ijtimoiy ta`minot va ijtimoiy sug`urta bilan bog`liq munosabatlar, iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi asosiy huquqiy masala va tushunchalarni o`zida jamlagan 20 000 dan ortiq
“Hayotiy muhim masalalar bo`yicha huquqiy qo`llanma” bepul tarqatildi.
Shuningdek, fuqarolarni huquqiy bilimlarga qiziqtirish hamda ularning huquqiy savodxonligini oshirishga rag`batlantirish uchun tadbirlar doirasida tanlov-testlar, viktorinalar, huquqiy targ`ibotga doir boshqa aksiyalar va turli tanlovlar tashkil etildi.

Xususan, fuqarolar tomonidan 15 000 dan ortiq huquqiy testlar echilib, faol ishtirokchilar qimmatbaho esdalik sovg`alar bilan taqdirlandilar.
Ushbu tadbirlarning bayramona ruhda o`tishi hamda yanada qiziqarli bo`lishi uchun ularda taniqli xonandalar, shu jumladan yoshlar orasida mashhur estrada yulduzlari hamda kino va teatr namoyandalari, aktyor va aktrisalar ham ishtirok etishdi.





