AsosiyJamiyat

Islandiyada ming kishiga 796 gazeta to`g`ri keladi, bizda-chi?

'Islandiyada ming kishiga 796 gazeta to`g`ri keladi, bizda-chi?'ning rasmi

2018 yil 11 oktyabr kuni “Do`rmon“ ijod uyida O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O`zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda “Hududiy ommaviy axborot vositalarining holatini yaxshilash bo`yicha taklif va tavsiyalar” mavzusida o`quv-seminari o`tkazildi.

O`quv-seminarida Toshkent viloyatida faoliyat yuritadigan gazeta, jurnal, televidenie, radio, veb-saytlar tahririyatlari ijodiy xodimlari ishtirok etdi.

– So`nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda bo`lganida ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biz buni qabul qilinayotgan sohaga oid mukammal qonun hujjatlarida, shuningdek, OAVning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarda ko`rishimiz mumkin, – deydi O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari S.Shukurov. – Bu kabi o`quv-seminarlari respublikamizning barcha hududlarida tashkil etib kelinmoqda. Maqsad – tuman nashrlari faoliyatida mavjud muammolarni o`rganish, hamkorlikda ularni hal etish yo`llarini topishdir. Eng asosiysi, tadbir oddiy tadbirligicha qolib ketmasligi kerak. Ya`ni uning yakuniga ko`ra, viloyat, tuman va shahar tahririyatlarida ijobiy o`zgarishlar amalga oshirilishi zarur.

Tashkil etilgan muloqotda mamlakatimizda so`nggi yillarda ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma nashrlar faoliyatini qo`llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, sohani rivojlantirishga doir qator qonun hujjatlari qabul qilingani ta`kidlandi. Ayni paytda sohada obuna, moddiy-texnik baza va kadrlar bilan bog`liq jiddiy muammolar mavjudligiga e`tibor qaratildi.

Amaliy mashg`ulotda O`zbekiston Davlat jahon tillari universiteti mutaxassislari N.Toshpo`latova hamda B.Alimovlarning “Hududiy bosma nashrlarning bugungi holati: menejment va marketing yo`nalishlaridagi muammolar va ularni yaxshilash bo`yicha takliflar”, “Hududiy nashrlarda axborot tayyorlash – kontent masalasi”, “Jurnalist tekshiruvini olib borish bosqichlari va tamoyillari” kabi mavzularda ma`ruzalar tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun ma`ruzachilar tomonidan interfaol o`yinlar o`tkazildi.

Seminar yakunida tahririyatlarni iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, gazetalarni mazmunan boyitish, saviyasi va o`qishliligini oshirish, jurnalistlarning kasb malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Ma`lumot uchun aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda 665 gazeta o`rtacha 4 million nusxada chop etilishini inobatga olsak, bosma nashrlarning o`quvchilarni qamrab olish darajasi ancha past ekani oydinlashadi. O`z navbatida, ushbu holat bosma nashrlar, ayniqsa, tuman va shahar gazetalari uchun iqtisodiy jihatdan murakkab vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Internet taraqqiy etgan ayni axborot zamonida bu ko`rsatkich Islandiyada har ming nafar aholiga qariyb 796 gazeta to`g`ri keladi va bu dunyo mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko`rsatkichdir. Bu borada Yaponiya 634 dan ziyod ko`rsatkich bilan ikkinchi o`rinni egallaydi. Osiyo qit`asining yana bir vakili – Janubiy Koreyada esa har ming o`quvchiga qariyb 450 gazeta to`g`ri keladi. Xo`sh, O`zbekistonda-chi?

Xo`sh, bir tomondan internet jurnalistika axborot makonini egallayotgan, boshqa tomondan obuna masalasi tobora og`irlashib borayotgan mana shunday murakkab sharoitda nima qilish kerak? Gazetalar adadini qanday ko`paytirish mumkin? Qachonki, gazeta sahifalarida hududlardagi dolzarb, aholini qiynab kelayotgan yoki ular uchun ham manfaatli bo`lgan mavzular ochiq-oydin yoritilsa, mavjud muammolar yuzasidan tahliliy-tanqidiy materiallar muntazam berib borilsa, shu bilan birga, faoliyatga yondashuvni o`zgartirib, bozor tamoyillaridan kelib chiqqan holda, marketing ishlari to`g`ri yo`lga qo`yilsagina gazetalar adadi ortadi. Bu esa bosma nashrlarning iqtisodiy jihatdan mustaqil bo`lishini ta`minlaydi.

    Boshqa yangiliklar