1

MIB xodimi hayotiga suiqasd qilgan fuqaro 10 yilu 3 oyga qamaldi

Jinoyat 12.10.2018, 21:26
MIB xodimi hayotiga suiqasd qilgan fuqaro 10 yilu 3 oyga qamaldi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Farg`ona viloyati Buvayda tumanida Majburiy ijro byurosi xodimi hayotiga suiqasd qilingani haqida turli xabarlar tarqaldi. Uni turlicha talqin qilganlar ham bo`ldi. Xo`sh, aslida nima bo`lgan edi?

Joriy yil 18 may kuni soat 16:00larda Majburiy ijro byurosi bo`limi davlat ijrochisi A.Ahmedov Buvayda tumani Alisher Navoiy ko`chasidagi “Abror Feruz savdo servis” oilaviy korxonasiga fuqarolik ishlari bo`yicha Qo`qon tumanlararo sudining 2017 yil 5 oktyabrdagi da`vogar “Mahbuba Zulfiya” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo`lgan “Yangiqo`rg`on” avtoshohbekatida joylashgan er maydoniga javobgar tomonidan noqonuniy qurilgan devor va o`rnatilgan metall darvozani o`z hisobidan buzdirish haqidagi qarori yuzasidan ijro harakatini amalga oshirish uchun boradi.

Sudlanuvchi A.Abduvaliev MIB xodimiga faol qarshilik ko`rsatib, do`kon ichiga kiritmasdan, dastlab ko`kragidan itarib yuboradi, sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so`zlar bilan haqoratlaydi. Do`kon ichidan ikki dona chopqini olib, davlat ijrochisi A.Ahmedovni qasddan o`ldirish maqsadida bosh qismiga bir marta urib, jarohat etkazgan. Davlat ijrochisini qonuniy ijro faoliyatini amalga oshirishdan voz kechishga majbur qilgan. Lekin A.Ahmedovning faol qarshiligi va shu erda bo`lgan boshqa fuqarolar harakati natijasida jinoiy harakatlarini o`ziga bog`liq bo`lmagan holatda oxiriga etkaza olmagan.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudining sudyasi D.Xoliqnazarova raisligida ochiq sud majlisida ko`rib chiqildi.

Sudlanuvchi A.Abduvaliev aybiga iqror va qilmishidan pushaymon bo`lib ko`rsatma berdi. Sud majlisi davomida jabrlanuvchi va guvohlarning ko`rsatmalari tinglanib, sudlanuvchi A.Abduvalievga O`zbekiston Respublikasi JK 25,97-moddasi 2-qismining “g” bandi va 219-moddasining 2-qismi bilan Jinoyat kodeksi 57, 59-moddalari tartibida uzil-kesil 10 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud tomonidan A.Abduvalievga jazo tayinlashda uning aybiga iqror va qilmishidan pushaymonligi, shaxsi, oilaviy ahvoli, qaramog`ida voyaga etmagan farzandlari borligi, jabrlanuvchining unga nisbatan hech qanday da`vosi yo`qligi inobatga olinib, jazo tayinlandi, deb yozmoqda O`zA.

Afsuski, bugun oramizda o`z xizmat vazifasini o`tayotgan MIB xodimlari faoliyatiga jiddiy to`sqinlik qilish, haqoratlash, hatto ularga tan jarohati etkazish kabi salbiy holatlar ham uchrab turibdi. Vaholanki, MIB xodimining qonuniy faoliyatiga to`sqinlik qilish hamda uning talablarini bajarmaslik qonunga hurmatsizlikdir. Buvayda tumanida sodir etilgan mazkur jinoyat ham barcha uchun saboq bo`lishi kerak. Sud sodir etilgan jinoyatning sababi va uning sodir etilishiga imkon bergan sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan sudlanuvchining yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig`iniga xususiy ajrim chiqardi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1