2018 yilning 10 oktyabrida o`z ishini boshlagan Frankfurt “Frankfurter Buchmesse” xalqaro kitob ko`rgazmasida O`zbekiston delegasiyasi – O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari vakillari mazkur dunyodagi eng yirik kitob ko`rgazmasida bir qator kelishuvlarga erishdi.
Xususan, “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi o`nta xalqaro toifadagi yirik nashriyot va matbaa korxonalari bilan muvaffaqiyatli kelishuvlarni amalga oshirdi.
Rossiya Federasiyasining “Phoenix” nashriyoti rus va o`zbek adabiyoti, xalq og`zaki ijodining eng sara namunalarini birgalikda nashrga tayyorlash va chop etishni taklif etdi. Albatta, kelgusida dunyo kitobxonlari qo`liga etib boradigan mazkur adabiy-badiiy, ma`rifiy, ilmiy-ommabop kitoblar O`zbekistonda chop etilishi va Rossiya hamda O`zbekiston kitob bozorlariga sotuvga chiqarilishi borasidagi kelishuvlar o`z samarasini beradi.
Ko`rgazma mezboni Germaniya Federativ Respublikasining “Klett gruppe” nashriyot-matbaa kompaniyasi rahbari Anita Kolb ko`rgazmada taqdim etilayotgan muallif Yo`ldosh Muqimovning zullisonayn tilda – nemis va rus tillarida nashr etilmish “Xo`ja Nasriddin va Baron Myunxauzenning yangi sarguzashtlari” nomli illyustrativ kitobiga katta qiziqish bildirdi. Buning samarasi o`laroq, Anita Kolb “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan muntazam hamkorlikni – zamonaviy va mumtoz o`zbek hamda nemis adabiyoti vakillarining asarlarini hamkorlikda chop etishga chorladi.
“O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining nashriyot ishlari bo`yicha birinchi o`rinbosari Mizrob Mavlonovich germaniyalik noshir, “Klett gruppe” nashriyot-matbaa kompaniyasi rahbari Anita Kolb bilan
“Frankfurter Buchmesse” ko`rgazmasidagi O`zbekiston paviloni vatandoshlarimizni ham befarq qoldirmadi. Chunonchi, Germaniyada ta`lim olayotgan talabalar ushbu pavilonga kelib, o`z ona tillaridagi ko`ngil hamrohi bo`lmish kitoblardan bahramand bo`lishdi.

Germaniyada ta`lim olayotgan o`zbekistonlik talaba bilan
Shuningdek, Latviya Yozuvchilar uyushmasi raisi Arno Yundze ham O`zbekistonda chop etilayotgan kitoblarga qiziqish bildirdi. Arno Yundze bilan kechgan suhbatda o`zbek adabiyotining yorqin vakillari asarlarini latish tilida hamda latish adabiyotining mashhur asarlarini o`zbek tilida nashr etish rejasi o`rtaga tashlandi. Avvalo, ushbu badiiy yuksak asarlar ikki davlatning markaziy gazeta-jurnallarida e`lon qilinishi, so`ngra kitob holida chop etilishi maqsadga muvofiq ekanligi ma`lum qilindi.

Latviya Yozuvchilar uyushmasi rahbari Arno Yundze bilan suhbat
Ukrainaning ikki yirik nashriyoti – “Samit books” va “VERNUM bank” vakillari o`zbek-ukrain madaniy aloqalari uzoq tarixga ega ekanligini bildirib, ikki davlat nashriyotlari o`rtasida muntazam hamkorlikni yo`lga qo`yishni taklif etishdi.
Bundan tashqari, Turkiyaning “So’zler yayinevi”, Qozog`istonning “Keleshek”, Eronning “Shahrestan adab publication”, Yoqutistonning “Bichik”, Hindistonning “Academic (India) publisher”, AQShning “WME\IMG” nashriyotlari bilan ham hamkorlik borasidagi kelishuvlarga erishildi.
Sirasini aytganda, O`zbekiston delegasiyasi Frankfurt xalqaro kitob ko`rgazmasida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Mazkur kitob ko`rgazmasi 14 oktyabrgacha davom etadi.
O`zMAA “O`zbekiston” NMIU
Matbuot xizmati






