O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboev joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko`zdan kechirish, yoshlar bilan muloqot qilish, ularning takliflarini o`rganish maqsadida 11 oktyabr kuni Farg`ona viloyatiga xizmat safari bilan bordi.
“Armiya va yoshlar” festivalida
Tashrif davomida Qo`qon shahridagi harbiy qismda o`tkazilgan “Armiya va yoshlar” festivalida ishtirok etdi. Yoshlar etakchisi festival doirasida harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shu bilan birga harbiy qismdagi O`zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang`ich tashkiloti etakchisi bilan suhbatlashdi. 300 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgan tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga xizmat qildi.
Farg`onalik yoshlar g`oyalarga boy
So`ng Qo`qon shahridagi tadbirkorlar kovorking markazida viloyatning barcha tuman, shahar sardorlar Kengashi a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuvda sardorlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar yuzasidan loyihalar taqdimoti o`tkazildi. Yoshlar etakchisi farg`onalik yoshlarning fikrlarini diqqat bilan tingladi.
Sardorlar o`z loyihalarida o`quvchilarning dars mashg`ulotlariga qatnovini nazorat qilish bo`yicha “Jasorat” klublari, “Yoshlar teatr studiyalari”ni tashkil qilish, sport ustalari bilan yoshlarning mahorat saboqlarini o`tkazish hamda o`quvchilar o`rtasida innovasion olimpiadalar tashkil etish kabi takliflar bilan chiqishdi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyat Kengashi xodimlariga viloyatda tajriba sifatida yuqoridagi yo`nalishlarda yangichaloyihalarni amalga oshirish, loyiha g`oliblari bo`lgan yoshlarni chet davlatlarga o`qib, malakasini oshirishlari uchun jo`natish yuzasidan ishlarni tashkil qilish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Sport majmualariga abonementlar tekin tarqatiladi
Bugun esa yoshlar etakchisi Farg`ona viloyatida sport tadbirlariga qay darajada e`tibor berilayotgani bilan tanishish, sport maydonlarini borib ko`rish maqsadida erta tongda Farg`ona viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi viloyat sport o`yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktabiga tashrif buyurdi.
U erda sport maydonini to`ldirib, ertalabki badantarbiya mashg`ulotlarini bajarayotgan bolalar vaFarg`ona shahar “Neftchi” professional futbol klubi tasarrufidagi bolalar va o`smirlar futbol maktabi yashil maydonda to`p surayotgan futbolchi yoshlarning murosasiz o`yinini kuzatdi.
Yoshlar etakchisi Farg`ona viloyatining sportga mas`ul xodimlari bilanham uchrashib, barcha maktablar, oliy o`quv yurtlari, akademik lisey va kollejlarning sport zallaridan unumli foydalanish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Aniq jadval asosida sport zallarini o`sha hududda yashovchi aholiga ham taqdim etishga kelishib olindi. Endi aholining kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo`llab-quvvatlash uchun bepul abonementlar tarqatiladi. Ular sportning bir necha turlari bilan bepul shug`ullanish imkoniga ega bo`lishdi.
Quvadagi 61-maktabi voleybol maydoni bilan jihozlanadi
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quranboev Farg`ona viloyatining Quva tumanidagi 67- va 61-maktablarga borib, maktab sport zallari, u erda o`quvchilarning sport bilan shug`ullanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.
61-maktabning voleybol maydonini ko`zdan kechirib, o`quvchilarning voleybol sport turi bilan shug`ullanishlari uchun to`siq bo`layotgan voleybol maydonidagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun kerak bo`ladigan jihozlarni olib berishini ta`kidladi.
61-maktab o`quvchilariga sport anjomlari va kitoblar sovg`a qildi.
Yoshlar etakchisi jismoniy tarbiya o`qituvchilari bilan uchrashib, murabbiylarga o`quvchilar o`rtasida ommaviy sportni rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Quvada paypoq ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan tadbirkorga yana yordam beriladi
Yoshlar etakchisi Quva tumanida yosh tadbirkor Abror Ashurov bilan uchrashdi. Abror Ashurov «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida imtiyozli 150 million so`m kredit olib, yaqindagina paypoq ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan edi.
Hozirda u ishlab chiqargan paypoqlarning o`z xaridorlari bor. Yoshlar etakchisi yosh tadbirkorning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu kichik korxonada ishlayotgan yoshlar bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan qiziqdi.
Yoshlar etakchisi Abror Ashurovning kelgusidagi rejalarini tinglab, uning tadbirkorligini kengaytirishi uchun ko`mak berishini ta`kidladi. Yosh tadbirkorga yana ma`lum mikdorda kredit ajratilib, qo`shimcha - shapka va jemfer ishlab chiqarishi uchun yangi bino berilishi bo`yicha mutasaddi xodimlardan yordam kursatish suraldi. Agar mazkur ishlar amalga oshirilsa, Abror Ashurov yana 70 nafar yoshning bandligini ta`minlash uchun hissa qo`shgan bo`ladi.
Quvasoy tumanida yosh tadbirkorlarning muammolari o`rganildi
Farg`ona viloyatining Quvasoy tumanida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar Dilmurod Rahmonyorov va Ahliddin Faxriddinovlar bilan uchrashgan yoshlar etakchisi ular bilan suhbatlashdi.
Dilmurod Rahmonyorov «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida 350 million so`m imtiyozli kredit olib, o`z tadbirkorligini boshlagan yoshlardan biri. U hozirda shlakablok ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan.
Yoshlar etakchisi tadbirkorning korxonasiga tashrif buyurib, shlakablok ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi va tadbirkorlardan ularning faoliyatida uchrayotgan to`siqlar,muammolar bilan qiziqdi.
Yoshlar etakchisi tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni bozorda o`z xaridorlarini topishi uchun kerakli yordamni berish bo`yicha tuman hokimiga topshiriq berdi.
Tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar ularning biznes maydonida oyoqqa turishi, ishlab chiqargan mahsulotlarining jahon bozorida o`z o`rnini topishi uchun ko`mak beradi.
Mahalliy tadbirkorga «Fidoyi yoshlar» otryadi a`zolari uchun 1000 to`plam chinni idish buyurtma qilindi
Marg`ilon shahridagi «Boqiy qurilish» mas`uliyati cheklangan jamiyatida bo`lib, u erda chinni buyumlarning ishlab chiqarilish jarayonini kuzatgan yoshlar etakchisi 300 million kredit olib faoliyatini yo`lga qo`ygan yosh tadbirkor orxonasida bugungi kunda 30 nafar xodim ishlayotganiga guvoh bo`ldi.
O`zimizda ishlab chiqarilayotgan chinni buyumlarning yuqori sifati, tiniq ko`rinishi, mohir qo`llar yaratgan mo``jizaviy asarning haqiqiy bahosini anglagan yoshlar etakchisi O`zbekiston yoshlar ittifoqi nomidan 1000 to`plam chinni buyumlarga buyurtma berdi.
Endi mazkur idishlar paxta dalalarida yurtimiz xirmoniga hissa qo`shayotgan «Fidoyi yoshlar» otryadining eng faol va mehnatkash a`zolariga sovg`a sifatida taqdim etiladi.
Yoshlar etakchisi farg`onalik maktab direktori va etakchilarning bilimidan qoniqdimi?
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Q.Quranboev Marg`ilon shahridagi Ijodkorlar bog`ida maktab direktorlari va 33 nafar etakchi bilan uchrashdi. Yoshlar etakchisi o`qituvchi va etakchilarning ijtimoiy-siyosiy bilimlari qay darajada ekanini tekshirish maqsadida ularga savollar bilan murojaat qildi.
Yoshlar etakchisi direktorlar va etakchilar o`zlarining ortidan minglab o`quvchilarni ergashtira olishi uchun chuqur bilimga ega bo`lishlari kerakligini ta`kidlab, ularning badiiy adabiyot vakillarini bilmasligi, siyosiy savodxonligi past ekanligini tanqid ostiga oldi va bir taklifni o`rtaga tashladi. Barcha direktor va etakchilar bir oy ichida yurtimizda faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotlari va ularning rahbarlari haqidagi ma`lumotlarni maktabdagi Ma`naviyat xonalariga ilib qo`yishi va bu orqali nafaqat o`zlarining, balki o`quvchilarning ham siyosiy bilimining oshishiga hissa qo`shishini ta`kidladi. O`quvchilarga siyosiy, jismoniy, ma`naviy ta`limni namunali darajada bera olgan direktor va etakchilarni O`zbekiston yoshlar ittifoqiga qarashli Termizdagi “Amudaryo” va Bo`stonliqdagi “Yoshlar” oromgohida tashkil etiladigan o`quv seminarlariga taklif qilishini aytib o`tdi.
Shundan so`ng Erkin Vohidov ijodkorlar bog`ida joylashgan O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg`ona viloyat bo`limida yig`ilish bo`lib o`tdi. Tadbir uchun aynan mana shu maskan tanlanishi bejizmas. Bundan asosiy maqsad ijodkorlarni qo`llab-quvvatlash, yosh iste`dod egalariga alohida e`tibor qaratishdir.
Yig`ilishda viloyat hokimi o`rinbosari, Xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i, tuman va shahar Xalq ta`limi bo`limi boshliqlari ishtirok etishdi. Ijodkorlar faoliyatiga qo`shimcha shart-sharoitlar yaratish haqida taklif va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, maktab direktorlari, o`qituvchilar va etakchilarning bilim saviyasini oshirish bilan bir qatorda sport bilan shug`ullanishlarini kuchaytirish bo`yicha mutasaddi rahbarlarga ko`rsatmalar berildi.