Fuqarolar tomonidan Adliya vazirligiga “Suvloyiha” DUK qarashli Yunusobod tumani, Yunusobod 1-berk ko`chada joylashgan ko`p qavatli 22-yotoqxonada uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan 16 nafar oila va a`zolarining talabidan kelib chiqib, ushbu yotoqxonani turar joy maqomiga o`tkazish masalasi bo`yicha murojaat kelib tushdi va u ko`rib chiqildi.
Uy-joy kodeksining 82-moddasida uylarni yotoqxonalarga o`tkazish, shuningdek yotoqxonalarga uylar maqomini berish uy-joy fondining mulkdorlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Muammoni hal etishda Yunusobod tuman hokimining 2018 yil 12 iyunda qabul qilingan 282-f-son alohida farmoyishi asosida davlat qabul hay`ati a`zolari tomonidan yotoqxonani turar joy maqomiga o`tkazish masalasi ko`rib chiqilishi ta`minlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.
Natijada 20 yildan buyon fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo hal etildi. Yunusobod tuman hokimining 2018 yil 12 oktyabrdagi 1659-son qaroriga asosan Yunusobod tumani, Yunusobod 1-tupik, 22-yotoqxona binosi yotoqxona maqomidan chiqarilib, uy-joy fondi ro`yxatiga kiritildi.






