Tez tibbiy yordam xizmatini jadal rivojlantirish, uning moliyaviy barqarorligini ta`minlash, bu yo`nalishda tezkor, texnologik va samarali faoliyat ko`rsatishga erishish maqsadida davlatimiz rahbari joriy yil 16 oktyabrda “O`zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorni imzoladi.
Qarorda shoshilinch yordamga muhtoj har bir kishiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni o`z vaqtida ko`rsatish tez tibbiy yordam xizmatining ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirishga amaliy ko`maklashish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg`armasi faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Jamg`arma tez tibbiy yordam xizmatining maxsus avtotransportini xarid qilish va transport parkini o`z vaqtida yangilash, shuningdek, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, ehtiyot qismlar va sarflanadigan materiallarni xaridni amalga oshiradi.
Tez tibbiy yordam xizmatining xodimlarini o`qitish, malakasini oshirish, shu jumladan, xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta`lim va boshqa muassasalarida amaliyot o`tashini tashkil etadi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etadi.






