Kuni kecha Jamoatchilik kengashining yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqida Uzreport axborot agentligi xabar beradi.
Tadbirda 2014 yilning uchinchi chorak davomida olib borilgan ishlarning hisoboti tinglandi. Yig`ilish kun tartibida O`zbekiston Prezidentining 2014 yil 1 iyuldagi "O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23-yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida"gi Qarori ijrosini ta`minlash yuzasidan Jamoatchilik kengashi a`zolari tomonidan olib borilgan ishlar hisoboti tinglandi.
Shuningdek Mudofaa vazirligi xaridlari tizimida amalga oshirilgan katta o`zgarishlar tinglandi hamda mudofaa sohasidagi davlat xaridlarining oshkoraligi, savol va javoblar, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga bo`lgan tavsiya va takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, istiqboldagi vazifalar ham ko`rib chiqildi. Ma`lumot o`rnida aytish joizki, mudofaa sohasida olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar kabi vazifalaridan kelib chiqqan holda, Jamoatchilik kengashi a`zolari bugunga qadar vazirlik faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta`minlash, harbiy qismlarda sog`lom ma`naviy-ruhiy muhit, yuksak axloq va madaniyat saqlanishini ta`minlash hamda vazirlikning bu boradagi faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha o`z taklif va tavsiyalarini berib kelishmoqda.
Kengashning respublikamiz ijodiy uyushmalari, xususan "O`zbeknavo" estrada birlashmasi, "O`zbekkino" davlat aksiyadorlik kompaniyasi, hokimiyat vakillari, uyushmalar, jamg`armalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, san`at va fan namoyandalari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etib borayotganligi belgilangan vazifalarning to`laqonli bajarilishiga, harbiy xizmatchilarning qat`iy iroda va xarakteri, faol hayotiy pozisiyalarini yanada shakllantirish imkonini bermoqda.





