O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta`lim muassasalari va respublikamizdagi oliy ta`lim muassasalari o`rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash bo`yicha kelishuvlarga erishildi.
19 oktyabr kuni “MEI“ (Moskva energetika instituti) Milliy tadqiqotlar universitetining rektori N.Rogalev, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`limi vaziri I. Majidov, “O`zbekenergo“ aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi U.Mustafoev o`rtasida “MEI“ Milliy tadqiqotlar universitetining Toshkent shahridagi filialini ochishga tayyorgarlik ko`rish to`g`risida kelishuv imzolangan.
Bu haqda “O`zbekenergo“ axborot xizmati xabar beradi.
Qayd etilishicha, Toshkentda mazkur universitet filialining ochilishi:
- energetika sohasida muhim ilmiy-texnikaviy vazifalarni echish imkoniga ega kadrlarni tayyorlash;
- elektr energiya tizimida tejamkorlikni oshirishga yo`naltirilgan innovasion loyihalarni amaliyotga tatbiq etish;
- energetika sohasida jahon andozalariga mos innovasion tadqiqotlarni olib borish;
- tizimda va ishlab chiqarishning boshqa sohalarida elektr texnikalarining ekspluatasiyasida samaradorlikni oshirish bo`yicha ishlanmalarni tatbiq etish kabi yo`nalishlarni o`z ichiga oladi.
Ma`lumot o`rnida: “MEI“ Milliy tadqiqotlar universiteti Rossiyaning nufuzli oliygohlaridan biri hisoblanib, 1930 yilda tashkil etilgan. Mazkur universitet energetika, elektrotexnika, elektronika, informasion texnologiyalar, radiotexnika kabi yo`nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi.