AsosiySiyosat

Prezident qishloq xo`jaligini kompleks rivojlantirish bo`yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi

'Prezident qishloq xo`jaligini kompleks rivojlantirish bo`yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 31 oktyabr kuni qishloq xo`jaligini kompleks rivojlantirish, sohaga innovasion texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlar eksportini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.

Keyingi ikki yilda qishloq xo`jaligida tub islohotlar, tarkibiy o`zgarishlar amalga oshirildi. Sohada bozor munosabatlarini joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha juda ko`p ishlar qilindi. Fermer va dehqonlarning daromadini oshirish maqsadida yangicha tizim joriy qilinib, ko`plab dolzarb masalalar hal qilib berildi. Etarli miqdorda mablag` ajratildi.

Yig`ilishda qishloq xo`jaligida innovasion texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, ayniqsa, tomchilatib sug`orish texnologiyasini keng joriy qilish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Isroil davlatining bu boradagi tajribasi ko`rsatib o`tildi. U erda qishloq xo`jaligi tomchilatib sug`orishga moslashgani uchun bir kilometr ham kollektor drenaj tarmog`i va sho`rlangan maydonlar yo`q. Meliorasiya tadbirlariga umuman xarajat qilinmaydi.

Yurtimizda suvni tejash texnologiyalarini tatbiq etish bo`yicha etarli ish olib borilmayotgani, buning oqibatida 140 ming kilometr uzunlikdagi kollektor drenajlarga katta mablag` sarf bo`layotgani tanqid qilindi.

– Suvni tejovchi texnologiyani qo`llash hisobiga 50-60 foiz suvni iqtisod qilish mumkin. Birgina ko`chma egiluvchan quvurlardan foydalanish suvni 10-15 foizga, tomchilatib sug`orish esa 35-65 foizga tejash imkonini beradi. Lekin, tomchilatib sug`orish tizimi juda kam maydonlarda joriy etilgan, xolos, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Shundan kelib chiqib, 2019-2021 yillarda paxta-to`qimachilik klasterlari va fermerlar paxta maydonida tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish ko`lamini kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.

Qishloq xo`jaligi kompleksidagi eng asosiy masalalardan biri eksportbop meva-sabzavot etishtirish va uni eksport qilishdir. Ammo Qishloq xo`jaligi vazirligi, “O`zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hududlar rahbarlari bilan tizimli ish olib bormagani oqibatida eksport prognozini to`liq ta`minlay olmaslik xavfi mavjudligi qayd etildi.

Shu bois har bir hudud bilan eksport bo`yicha ikki oylik rejani kunma-kun belgilab, tizimli bajarish vazifasi qo`yildi. Shu bilan birga, kegusi yil eksporti uchun sabzavot ekinlarini ekish bo`yicha topshiriqlar berildi.

O`zbekistonning iqlim sharoiti ertapishar mahsulotlar etishtirish imkonini beradi. Bahor oylarida xorijiy mamlakatlarda ularga talab ortadi. Lekin bu imkoniyatdan unumli foydalanilmayapti.

Yig`ilishda tegishli vazirlik va tashkilotlarga Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar bozoriga qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksportini ko`paytirish bo`yicha ko`rsatma berildi.

– Yana bir bor aytaman, eksport davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo`nalishlaridan biridir. Shuning uchun har bir vazirlik va idora eksportni rivojlantirishi kerak, – deya ta`kidladi Prezidentimiz.

Yig`ilishda yangi tashkil qilgan uyushmalar faoliyatiga ham e`tibor qaratildi. Ular o`z yo`nalishlari bo`yicha yangilikka intilmayotgani, sohadagi o`rni sezilmayotgani tanqid qilindi.

Qishloq xo`jaligi tarmoqlariga investisiyalarni, ayniqsa, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish zarurligi ta`kidlandi.

Erni haqiqiy egasiga berish, er va suv resurslaridan samarali foydalanish, urug`chilikni rivojlantirish, mineral o`g`itlar etkazib berish tizimini takomillashtirish, qishloq xo`jaligi texnika parkini yangilash, mahsulotlarni qayta ishlash sohasini rivojlantirish va boshqa yo`nalishlarda dolzarb vazifalar belgilab berildi.

    Boshqa yangiliklar