Amirsoy tog`-chang`i kurorti O`zbekistonda qurilayotgan eng yirik turistik ob`ektlardan biridir.
Loyiha mamlakatdagi birinchi tog`li kurort bo`lib, unda mijozlarga qulay, xavfsiz va sifatli, jahon talablari darajasida xizmat ko`rsatiladi.
Qurilish ishlariga eng ilg`or va innovasion texnologiyalar jalb qilingan kurort loyihasi uch bosqichda amalga oshiriladi.
15 dekabrda birinchi bosqich yakunlanib, shu kunning o`zida Amirsoy dam olish maskanining ochilishi rejalashtirilgan, deb yozadi O`zA
Qurilish ishlarining borishi haqida navbatdagi videosharhda tanishing.
– Ushbu kurort mintaqadagi raqobatchilaridan nimasi bilan farqlanadi? Birinchidan, Biz kurortga eng so`ngi zamonaviy texnologiyalarni jalb qilganmiz, – deydi «Amirsoy» tog` kurorti direktori Xose Antonio Karniser. – Qolaversa, qurilish ishlari ham barcha xavfsizlik qoidalariga mos ravishda olib borilmoqda. Albatta, ushbu dam olish maskani Evropa talablari darajasidagi kurortlardan biri bo`ladi. Ikkinchidan, joylashuv. Amirsoy Toshkent shahri, shu bilan birga, aeroportga yaqin hududda joylashgan. Uchinchidan, eng katta yutug`imiz bu – chang`i uchishga juda mos keluvchi qor qatlamidir.
Yuqori balandlikdan – dron yordamida olingan tasvir orqaligina keng ko`lamda olib borilayotgan qurilish ishlarini yaqqol aks ettirish mumkin. Umumiy hisobda uzunligi 3 km.dan ortiq 2 ta osma dor yo`li va jami 10 km.li turli murakkablikdagi 8 ta tog`-chang`i trassasining qurilish-montaj ishlari ketmoqda. Xullas, qish mavsumida umumiy uzunligi 21,3 km. bo`lgan, turli murakkablikdagi 28 ta relefli trassa tog` chang`i ustalari va snovbordchilar ixtiyorida bo`ladi. Kurortda yaratilgan infratuzilma va servis istalgan mehmonga birdek manzur bo`lishi aniq.
Bundan tashqari, 15 dekabrga qadar 2 ta restoran, tog` chang`isi va boshqa vositalarni ijaraga berish punktlariga ega ko`p tarmoqli markaz qurib bitkaziladi. Shu kunga qadar loyihaning eng murakkab qismi hisoblangan – tog` bo`ylab harakatlanuvchi kirish va dor yo`llariga olib boradigan texnologik yo`laklarni qurish ishlari yakunlangan.
Lekin barcha ishlar ham quruvchilar xohlagandek silliq ketayapti, deb bo`lmaydi. Chunki kurortga olib boruvchi magistral yo`l qurilishi hali oxiriga etkazilmagan. Mavjud yo`l esa yog`in-sochin kunlarda loyqa bo`lib, avtomobil yurishiga imkon bermaydi. Yo`l qurish vazifasi o`tgan yilning 14 sentyabr kuni Avtomobil yo`llari Davlat qo`mitasi zimmasiga yuklatilgan edi. Bir yarim oydan so`ng dam olish maskani ochilishi kerak, suratga olayotgan kunimizdagi holat bo`yicha avtomobil yo`lining uchdan bir qismi o`tkazilgan edi.
Hozircha, ko`prik qurilishi oxiriga etmagani bois, uddaburon avstriyaliklar, azbaroyi ishlarini tezlashtirishlari uchun ko`rib turganingiz – ulkan chanalarda o`z yuklarini yuqoriga tortib olishmoqda.
Dor yo`li o`z vaqtida ishga tushishi uchun tog`li hududga yangi elektr uzatish minoralarini o`rnatish orqali elektr ta`minot masalasini hal etish kerak. Mazkur vazifa hukumat topshirig`i bilan "O`zbekenergo" DAKga yuklatilgan edi. 25 oktyabr ya`ni biz tasvirga olgan kunda rejadagi 26 ta elektr uzatish minoralaridan faqatgina 11tasi qurilgan edi. So`ngi ma`lumotlarga ko`ra, bu boradagi ishlar jadallashtirilgani bois kurortda yana 9 ta minora qad rostlagan.
Afsuski, ob-havo injiqligi hamda vaqtning tig`izligi bilan bog`liq muammolarni hal etishga ba`zan inson qo`li ojizlik qiladi. Eng yirik turistik ob`ekt loyihasini belgilangan muddatda ishga tushishi esa – mamlakat ijobiy imijiga daxldor masala. Shuning uchun ham Bosh prokuratura tomonidan tegishli davlat idoralari vakillaridan iborat shtab tuziladigan bo`ldi. Bu esa qurilish jarayonining o`z vaqtida borishini nazorat qilish, yuzaga kelgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish pirovardida Amirsoy dam olish maskani o`z vaqtida ishga tushishiga xizmat qiladi. Kurort rahbariyati ham ishlar jadallashib, 15 dekabr sanasida dor yo`li va chang`i trassalari mehmonlar ixtiyorida bo`lishiga umid qilmoqda.