AsosiySiyosat

Surxondaryoda viloyat hokimi o`rinbosari va viloyat prokurori lavozimidan ozod etildi

'Surxondaryoda viloyat hokimi o`rinbosari va viloyat prokurori lavozimidan ozod etildi'ning rasmi

8 noyabr kuni Surxondaryo viloyat hokimligida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po`latov, shuningdek, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar vakillari, viloyat hokimining o`rinbosarlari, viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi.

Videoselektor tarzida tashkil etilgan yig`ilishda shahar va tuman studiyalarida faollar, keng jamoatchilik vakillari kuzatib bordi.

Yig`ilish avvalida tashkiliy masala ko`rildi. Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari Ulug`bek Abdumutalovich Axunov, shuningdek, viloyat prokurori O`ktam Abdullaevich Saidov boshqa ishga o`tkazilishlari munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shu kungacha viloyat qishloq xo`jaligi boshqarmasi boshlig`i vazifasida ishlab kelayotgan Rahmatulla Boboxonovich Gapparov Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari, Denov tumani hokimi Ulug`bek Berdiqobilovich Qosimov Surxondaryo viloyati prokurori etib tayinlanganligi ma`lum qilindi.

Shundan so`ng, yig`ilish kun tartibidagi navbatdagi masalalar yuzasidan Qishloq xo`jaligi vazirining birinchi o`rinbosari A.Vahobovning viloyatda 2018 yil qishloq xo`jaligi sohasida islohotlarni amalga oshirish, paxta hosilini etishtirish va terib olishni ta`minlashda yo`l qo`yilgan kamchiliklar va kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risidagi, viloyat hokimining birinchi o`rinbosari T.Bobolovning viloyatni 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat dasturlari va eksport prognozlarining bajarilishini ta`minlash chora-tadbirlari haqidagi, viloyat hokimining o`rinbosari A.Amirovning qurilish, kommunikasiya va kommunal sohadagi dasturlarning bajarilishi, ijtimoiy soha ob`ektlari va uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi holati borasidagi axborotlari tinglandi.

Sho`rchi, Sherobod, Termiz, Angor, Boysun tumanlari va Termiz shahar sektor rahbarlarining ushbu yo`nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan hisobotlari eshitildi.

Videoselektor yig`ilishida viloyat sektorlari rahbarlari – viloyat hokimi, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar hamda davlat soliq boshqarmasi boshlig`ining fikr-mulohazalari ham tinglandi.

Muhokama etilgan dolzarb masalalar yuzasidan qilinishi lozim bo`lgan aniq vazifalar va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu vazifalarni bajarish barcha bo`g`indagi mahalliy rahbarlardan mas`uliyatni chuqur his etib, qat`iy tartib-intizom bilan fidokorona mehnat qilishni, eng muhimi, amaliy natijalarga erishishni talab etishi alohida qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar