Joriy yilning 6 noyabrda tasdiqlangan «O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarordan ko`zlangan maqsad va vazifalar nimalardan iborat ekani xususida Markaziy saylov komissiya raisi Mirzo Ulug`bek Abdusalomov fikr bildirdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
– Saylov tizimi – nafaqat davlat hokimiyati organlarini demokratik shakllantirish asoslari, balki fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish darajasining muhim ko`rsatkichidir. Shu bilan birga, bugungi kun zamonaviy xalqaro saylov standartlarini joriy etishni, tizimda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanishni taqozo etmoqda.
Markaziy saylov komissiyasining axborot-tahliliy, uslubiy va maslahat ishlarini yanada takomillashtirish, saylov komissiyalari a`zolarining professional darajasini yanada oshirish zarur. Shu maqsadda mavjud saylov tizimini takomillashtirish, uni yanada demokratlashtirish, shuningdek, saylov komissiyalari va referendumni o`tkazish bo`yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish 2017—2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha harakatlar strategiyasida ham belgilangan.
Shundan kelib chiqib yangi qarorda milliy saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yo`nalishlari belgilandi. Ushbu qaror mamlakatimizda so`nggi yillarda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga hamohang ravishda siyosiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan o`zgarish va yangilanishlarning mantiqiy davomidir. Qarorga asosan, umume`tirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlar hamda xorijiy mamlakatlarning ilg`or tajribasini hisobga olgan holda saylov va referendumlarga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish, shuningdek, fuqarolarning konstitusiyaviy saylov huquqlari ta`minlanishi yanada demokratlashtiriladi va liberallashtiriladi.
Saylov komissiyalarining faoliyati samaradorligi oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasining saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonida tashkiliy-axborot, tahliliy, uslubiy, maslahat funksiyalari kuchaytiriladi.
Sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etiladi. Saylovlarni boshqarish tizimi modernizasiya qilinadi. Saylov jarayonida axborot xavfsizligi ta`minlanadi. Saylov komissiyalari a`zolarining malakasini oshirish va o`qitish tizimi joriy etilmoqda. Saylovchilar hamda saylov jarayoni boshqa sub`ektlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga e`tibor kuchaytiriladi.
Endilikda Markaziy saylov komissiyasi tarkibida saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo`yicha O`quv markazi tuziladi. Markaz saylov komissiyasi a`zolarini tizimli o`qitadi va malakasini oshiradi. Ularning saylov jarayonida axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish bo`yicha professional ko`nikmalari oshiriladi.
Markaz saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish amaliyoti, shuningdek, saylov qonunchiligiga umume`tirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarga asosan milliy saylov qonunchiligiga muvofiqligini muntazam monitoring qilib boradi.
Shuningdek, saylov tizimining muammolari chuqur o`rganiladi. Markaz ushbu sohadagi dolzarb muammolar bo`yicha tadqiqotlar o`tkazadi va ularni bartaraf etish bo`yicha takliflar ishlab chiqadi. Saylov jarayonini tashkil etish bo`yicha ilmiy-amaliy qo`llanmalar tayyorlab, chop etadi. Saylovchilarning saylovda ovoz berish tartibi, saylov kampaniyasi jarayonlari bilan tanishtirish bo`yicha zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda o`quv-uslubiy materiallar tayyorlaydi.
Saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, saylov komissiyalari va refendumni o`tkazish bo`yicha komissiyalar faoliyatida jamoatchilik ishtiroki keng ta`minlanadi.
Saylov komissiyalari faoliyatining moddiy-texnik ta`minotini yanada yaxshilash, saylov komissiyalari a`zolari va xodimlarining samarali faoliyat yuritishlari uchun ijtimoiy va moddiy rag`batlantirishning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Saylov qonunchiligining me`yorlari unifikasiyalanadi va takomillashtiriladi.
Aytib o`tish kerakki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda demokratik tamoyillarga hamda xalqaro standartlarga javob beradigan O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Kodeks loyihasi umumxalq muhokamasiga qo`yildi va xalqaro ekspertlar e`tiboriga havola etildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda saylov jarayoniga «bitta saylovchi - bitta ovoz» tamoyilini amalga oshirishni ta`minlaydigan saylovchilarning Yagona elektron ro`yxatini joriy etish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Qaror bilan Markaziy saylov komissiyasining saylov qonunchiligi va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi 7 nafar a`zosi, shu jumladan, rais, rais o`rinbosari va kotibi ishini tashkil etish, shuningdek, 26 nafar mas`ul xodimdan iborat bo`lgan Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati shtat birligi belgilandi.
Qarorda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari va kotibiyat xodimlarining moddiy ta`minotini yaxshilash, ularga unvon martaba darajasi berish kabi imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Markaziy saylov komissiyasi a`zolari daxlsizlik maqomi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolarining maqomiga tenglashtirildi.
Qarorga asosan Markaziy saylov komissiyasiga majlislar o`tkazish, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardan tashrif buyuruvchi kuzatuvchi va rasmiy delegasiyalarni qabul qilish, shuningdek seminar-treninglar o`tkazish uchun etarli xonalaridan iborat alohida bino ajratiladi.
Bunday yangi imkoniyatlar saylov tizimining tubdan takomillashib, samarali ishlashiga, eng muhimi, zamon talabiga mos, demokratik tamoyillarga muvofiq ish olib borishiga zamin yaratadi.






