AsosiySiyosat

O`zbekistonda yana bitta siyosiy partiya tashkil etiladi

'O`zbekistonda yana bitta siyosiy partiya tashkil etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi qonunining 6-moddasiga asosan ekologik partiya tashkil etish bo`yicha mamlakatimiz fuqarolaridan iborat tashabbuskorlar guruhi shakllandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 4 ta siyosiy partiya – O`zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, «Adolat» sosial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston liberal-demokratik partiyasi hamda O`zbekiston Ekologik harakati faoliyat yuritmoqda.

Mazkur partiyalar o`z g`oyalari bilan siyosiy maydonga chiqqan. Masalan, o`zini pensionerlar, kam ta`minlangan aholi qatlamlari manfaatlari himoyachisi sifatida namoyon etuvchi XDP ularning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi g`oyalarni amalga oshirish bo`yicha saylovchilariga va`da bergan.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi milliy meros va qadriyatlarni tiklash, ularni yanada boyitish, turizm sohasini rivojlantirish kabi g`oyalarni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan.

«Adolat» SDP esa ijtimoiy adolat, ilm-fan, ta`lim-tarbiya va sog`liqni saqlash yo`nalishlarini o`z ichiga olgan maqsad va vazifalarni olg`a surgan.

Mamlakatdagi etakchi partiya hisoblanmish O`zLiDeP tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilishni qo`llab-quvvatlagan.

O`zbekiston Ekologik harakati aholining ekologik madaniyatini oshirish bilan bog`liq barcha yumushlarni o`z zimmalariga olishgan.

Shu o`rinda alohida ta`kidlash joizki, har qanday siyosiy partiya yoki harakat zamon bilan hamnafas bo`lib, uning o`tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi. Shu bilan birga, zamon talabi bilan ular takomillashtirilib boriladi.

    Boshqa yangiliklar