AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

13 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbatda davlat rahbarlari keng ko`lamli ikki tomonlama hamkorlikning holati va uni oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari ikki tomonlama do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun ishonchli poydevor bo`lib xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezidentlar o`zaro tovar ayirboshlashni ko`paytirish, sanoat, energetika va qishloq xo`jaligida kooperasiyani kuchaytirish, samarali transport yo`laklarini shakllantirish, hududlararo va gumanitar almashuvni faollashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratdilar.

Tomonlar hamkorlikning eng muhim yo`nalishlari, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetik salohiyatni samarali rivojlantirish borasidagi yondashuv va pozisiyalari mushtarak ekanini qayd etdilar.

Ikki va ko`p tomonlama keng ko`lamli hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, xalqaro maydonda tashabbuslarni o`zaro qo`llab-quvvatlash va mintaqada yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari qardosh O`zbekiston va Turkmaniston xalqlarining farovonligi yo`lida ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko`p qirrali munosabatlarni izchil kengaytirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

    Boshqa yangiliklar