O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O`mon milliy bayrami – Sulton tavalludi kuni munosabati bilan Sulton Qobus bin Saidni tabrikladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Ma`lumot o`rnida: 18 noyabr O`mon Sultonligi hayotida muhim o`rin tutadi. Bu sanada O`mon xalqi o`z davlat rahbari – Sulton Qobus bin Saidga o`z ehtiromini izhor etadi. 1970 yildan buyon O`mon davlatini Sulton Qobus idora etib kelmoqda. O`tgan vaqt mobaynida davlat rahbari boshchiligida mamlakat hayotida juda katta o`zgarishlar ro`y berdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy soha – ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat butkul isloh etildi.
Jumladan, aynan 1970-yillardan ta`lim tizimini rivojlantirish yo`lida tub islohotlar amalga oshirilgan. Yangi ta`lim dargohlari bunyod etish, ilg`or usullarni amalga tatbiq etish uchun davlat g`aznasidan katta miqdorda mablag` ajratildi.
O`tgan asrning 70-yillarida mamlakat bo`yicha uchtagina maktab bor edi. Bugun esa yuzlab maktablar, qator oliy ta`lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. 1986 yilda ta`sis etilgan Sulton Qobus universiteti ilmiy va texnikaviy salohiyati jihatidan nafaqat mamlakat, mintaqada ham etakchi o`rinlardan birini egallaydi.






