AsosiySiyosat

Qonunchilik palatasi spikeri Qirg`iziston prezidenti bilan uchrashdi

'Qonunchilik palatasi spikeri Qirg`iziston prezidenti bilan uchrashdi'ning rasmi

Qirg`izistonda amaliy tashrif bilan bo`lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov Qirg`iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi, deya xabar berdi palata matbuot xizmati.

Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov Nurdinjon Ismoilovni qutlar ekan, bugungi kunda Qirg`iziston va O`zbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi strategik hamkorlik darajasiga chiqqanini qayd etib o`tdi.

“Biz O`zbekiston bilan munosabatlarni qadrlaymiz va yuqori baholaymiz, qardosh qirg`iz-o`zbek do`stona va yaxshi qo`shnichilik aloqalari jadal rivojlanmoqda. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qirg`iz-o`zbek hamkorligining samarali rivojlanishidagi siyosiy irodasi va amaliy sa`y-harakatlari tufayli bizning munosabatlarimiz yangi, yanada sifatli bosqichga ko`tarildi. Mening O`zbekistonga rasmiy tashrifim chog`ida barcha masalalar o`z echimini topdi. Biz buni yuqori baholaymiz”, — deya ta`kidladi Sooronbay Jeenbekov.

Bundan tashqari, Prezident Sooronbay Jeenbekov O`zbekiston rahbariyati va xalqiga atoqli qirg`iz adibi Chingiz Aytmatovning 90 yilligini keng nishonlayotgani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi.

O`z navbatida, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun Prezident Sooronbay Jeenbekovga minnatdorlik bildirdi.

Nurdinjon Ismoilov Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning 60 yilligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning samimiy tabrik va qutlovlarini etkazdi.

    Boshqa yangiliklar