AsosiySalomatlik

Kasalliklar sochda qanday aks etadi?

'Kasalliklar sochda qanday aks etadi?'ning rasmi

Surunkali charchoq, bosh og`rig`i, uyqusizlik bezovta qilyaptimi? U holda sochlaringizgae`tibor bering. Zero, sochdagi o`zgarishlar organizmdagi ayrim muammolarni fosh etadi!

Kamqonlik belgisi

Uzoq vaqt otfob tig`i ostida yurish, hammomda bug`lanish, muntazam ravishda soch dazmoli va fendan foydalanish, kimyoviy jingalaklash, tez-tez soch rangini o`zgartirish, xlorlangan suvda cho`milish, soch parvarishi uchun mo`ljallangan vositalarni noto`g`ri qo`llash, temir taroq ishlatish sochlar quruqlashishiga sabab bo`ladi.Ammo ushbu holatlardan tashqari sochlaringiz quruqlashib borayotganini sezsangiz, shifokor huzuriga shoshiling. Negaki quruq, sinuvchan, uchi gullagan sochlar ayrim kasalliklar darakchisi bo`lishi mumkin:

– kamqonlik;

– vitamin va mikroelementlar etishmovchiligi bilan bog`liq me`da-ichak tizimi kasalliklari;

– qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar;

– buyrak va o`pkadagi surunkali xastaliklar;

– oqsil etishmovchiligi (parhezga mukkasidan ketganlarda ko`p uchraydi);

  • organizmda temir va mis tanqisligi.

Chorasi: Sizga terapevt va endokrinolog ko`rigi zarur. Shuningdek, taomnomangizni qayta ko`rib chiqing. Sochlar oqsil, temir, V guruhi vitaminlari, mis va kobalt mikroelementiga boy mahsulotlarni yoqtiradi. Agar vitaminlar me`da-ichak tizimi kasalliklari tufayli o`zlashtirilmayotgan bo`lsa, shifokorin`eksiya shaklidagi preparatlarni buyuradi.

Bundan tashqari, trixolog – shifokor maslahati ham foydadan holi emas.

Qandli diabetga ishora?!

Yog`li sochlar, asosan, moddalar almashinuvi buzilganidan yuzaga keladi. Gormonal o`zgarishlar, noto`g`ri ovqatlanish (yog`li mahsulotlarni ko`p iste`mol qilish) ham soch holatiga ta`sir qiladi. Shuningdek, qandli diabet va metabolik sindrom (semirish)da ham yog` ko`p ajraladi.

Chorasi: Soch yog`lanishining sababini bilish uchun jigar va qalqonsimon bezni tekshirtirish zarur. Kunlik rasionda qovurilgan, shirin, dudlangan eguliklar, shuningdek, qahva cheklanadi. Soch parvarishi uchun mo`ljallangan kosmetika vositalarini ham almashtirgan ma`qul. Choy daraxti moyi yog` bezlari faoliyatini me`yorlashtiradi, mavrak ekstrakti qo`shilgan shampunlar esa yog`li soch terisini «tinchlantiradi».

Sochlar yanada yog`lanmasligi uchun ularni fenda quritish, qaynoq suvda yuvish mumkin emas.

Taomnomadagi yog`li mahsulotlarni cheklaganda ham muammo yo`qolmasa, jigar yoki me`da-ichak kasalliklari rivojlanayotgan bo`lishi mumkin.

Soch to`kilishiga sabab – infeksiya

Bilasiz, homiladorlik va tug`uruqdan so`ng sochlar siyraklashadi. Shuningdek, qattiq asabiylashish natijasida ham soch to`kilishi mumkin. Bundan tashqari, ba`zi kasalliklar tufayli soch to`kiladi. Bular:

– qandli diabet;

– gipoterioz;

– anemiya;

– avitaminoz;

– immunitet tanqisligi;

– zamburug`lar;

– yiringli invaziya;

– jigar va o`t pufagi kasalliklari.

Boshning ma`lum qismidagina soch to`kilishi gormonal o`zgarishlardan dalolatdir. Masalan, chakka va peshonada soch kamayishi erkaklik gormoni ortib ketganiga ishora sanaladi.

Chorasi: Endokrinolog ko`rigidan o`ting. Vaqtinchalikmurakkab soch turmaklaridan voz keching. Tinchlantiruvchi giyohlar damlamasi va vitaminlar qabul qilish mumkin.

Qazg`oq nimaning asorati?

Agar bosh terisi qichishsa, qizil dog`lar, teri ko`chishi, yaralar paydo bo`lsa, bu psoriaz, ekzema kasalliklari rivojlanayotganini bildiradi. Qazg`oq esa zambrug`li infeksiya tufayli paydo bo`lishi mumkin. Yog`li sochda qazg`oq paydo bo`lishi organizmda yog` va uglevodlar etishmayotganidan darakdir.

Shuningdek, asabiylashish, immunitet sustlashishi, oshqozon - ichak kasalliklari ham qazg`oqni keltirib chiqaradi.

Chorasi: Faqat qazg`oqqa qarshi shampunga ishonib qolmang-da, muammoning asl sababini bilish uchun mutaxassis ko`rigidan o`ting. Bunda sizga dermatovenerolog yoki trixolog-shifokor yordam beradi.

Vitamin etishmovchiligi

Bilasiz, kuz–qish mavsumida sochlar jilvakorligi yo`qoladi. Buning sababi, vitamin va mineral moddalar etishmovchiligi bilan bog`liq. Shuningdek, ushbu holat oshqozonosti bezi, qalqonsimon bez faoliyatidagi o`zgarishlar, jinsiy a`zo xastaliklari, anemiya va ayrim irsiy kasalliklarga ishora bo`lishi mumkin.

Chorasi: Oqsil, A, E, V12 vitaminlariga boy mahsulotlarni ko`proq iste`mol qiling. Tuz miqdorini kamaytiring. Trixolog ko`rigidan o`ting. Shuningdek, polivitaminlar qabul qilish, lavanda, qarag`ay, apelsin moylaridan tayyorlangan niqoblardan foydalanish ham yaxshi samara beradi.

Shirin Siddiqxo`jaeva

    Boshqa yangiliklar