Prezident Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasining fuqaro aviasiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonni imzoladi. Hujjatga asosan, fuqaro aviasiyasi tizimiga xalqaro tajriba asosida bozor mexanizmlari joriy etiladi.
Bugun dunyoda o`z havo kemalari, aeroporti yoki jilla qursa uchish yo`lagi bo`lmagan davlat, umrida bir marta samolyotga chiqib, parvoz gashtini his qilmagan odam topilmasa kerak.Chunki, jahonda hammasini qo`shganda 200 mingdan ortiq odam va yuk tashaydigan havo kemalari bor. Bir vaqtning o`zida ularning 15 minggga yaqinibepoyon havo mavjlarida parvoz qilayotgan bo`ladi. Agar statistik ma`lumotlarni yana davom ettiradigan bo`lsak, bir yilda 35-40 million aviareyslar amalga oshirilib, unda 4 mlrdga yaqin odam o`z manziliga etib oladi.
Fuqarolik aviasiyasi allaqachonlar ulkan bir industriyaga aylangani, undan samarali foydalanayotgan davlatlarga esa ushbu soha yaxshigina daromad manbai ekanligini ko`pchilik yaxshi biladi.Shu bois ham, har qaysi davlat o`zidagi fuqarolik avisiyasi xizmatini rivojlantirish va uning faoliyatini doimiy takomillashtirib borishga intiladi. Chunki, bu yuqorida aytganimizdek, faqatgina daromad manbai emas, balki odamlarga qulaylik yaratish, turizmni rivojlantirishbilan ham bog`liq masala.
O`zbekiston ham ko`plab rivojlangan davlatlar qatori o`zining fuqaro aviasiyasiga ega. Shu kungacha bu xizmat “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviokompaniyasi zimmasida bshlgan. Bugun 25 ta zamonaviy havo kemalari 39 davlatga 63 tayo`nalishda muntazam reyslarni amalga oshirib kelmoqda. Poytaxtimiz va viloyatlarda 11 ta xalqaro maqomga ega aeroportlar faoliyat ko`rsatmoqda. Aviokompaniya tarkibida 19 ta korxona bo`lib, ularda 15 ming nafardan ziyod odam mehnat qiladi.
Bir qarashda ish bir maromda ketayotgandek, lekin, masalaga chuqurroq yondashadigan bo`lsak, ulkan monopolistga aylanib qolgan “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviokompaniyasining moliyaviy ahvoli unchalik ham maqtanarli darajada emas ekan. Yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifati esa alohida muhokamaga loyiq masala. Aeroprtlardagi holatni soha mutaxassislari ham, xorijlik ekspertlar ham, ayniqsa, aviayo`lovchilar ham yaxshi bilishadi.
Misol uchun, aviakompaniya O`zbekiston hududidagi barcha aeroportlarni yakka o`zi boshqargan va aeronavigasiyani nazorat qilgan. Sohadagi bunday boshqaruv tizimi sog`lom raqobat muhitiga salbiy ta`sir ko`rsatatgan. Oqibatda o`tgan yilning o`zida mavjud 11 ta aeroportdan 6 tasi zarar bilan chiqqan. Investorlar bizning havo yo`llariga sarmoya kiritishdan cho`chib turganining sabablari ham aynan raqobat muhitining yo`qligidan bo`lsa kerak.
Fuqaro aviasiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini jadal joriy etish, tarmoqdagi korxonalarni jahon tendensiyalari va standartlariga muvofiq qayta tuzish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish va tarmoqqa investisiyalarni keng jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Davlat rahbari“O`zbekiston Respublikasining fuqaro aviasiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatga asosan, “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi o`rnida ikkita mustaqil tashkilot - “O`zbekiston havo yo`llari” MAK direksiyasi, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O`zaviatexta`minot” moddiy-texnik ta`minot majmuasi”davlat unitar korxonalarining negizida“Uzbekistan Airways” va barcha aeroportlarni birlashtirgan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlaritashkil etiladi.
Endilikda 25 ta «Boing» va «Eyrbas» samolyotlari, avikompaniya tarkibida bo`lgan yangi tashkil etilayotgan - «Uzbekistan airways technics», «Ketring»,«O`quv-mashq markazi»,«Uzbekistan airways Helicopters» mas`uliyati cheklangan jamiyatlari“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirmoqda.
“O`zbekiston havo yo`llari” MAK tarkibia bo`lgan 14 ta davlat unitar korxonalari esa mas`uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantiriladi va ulardan 11 ta aeroportning ustav jamg`armasidagi davlat ulushi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatiga o`tkaziladi.“O`zaeronavigasiya” markazi” davlat korxonasi esa bundan buyon Vazirlar Mahkamasi ixtiyorida bo`ladi.
Farmon bilan yangidan faoliyat boshlaydigan ikkita yirik tuzilmaning asosiy vazifalari ham belgilab berilmoqda.
“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati
• havo kemalari parkidan samarali foydalanish, parvozlarning yangi yo`nalishlarini o`zlashtirish va geografiyasini kengaytirish;
• zamonaviy tizimlar va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, aviaparkni modernizasiyalash, texnologik qayta jihozlash va yangilash;
• havo kemalari bortida yo`lovchilarga, aviasiya texnikasiga ko`rsatiladigan servis xizmatlar sifatini oshirish;
• yo`lovchilar, yuklar, pochta va bagaj tashish sohasida qulay tarif siyosatini olib borish;
• investisiyalarni, eng avvalo, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish;
• parvozlarni amalga oshirishda yuqori darajadagi xavfsizlikni ta`minlash ishlari bilan shug`ullanadi.
“Uzbekistan Airports” Aksiyadorlik jamiyati (esa)
• aeroportlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
• aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish uchun investisiyalar jalb qiladi;
• aeroportlarda aviatashuvchilar yo`lovchilariga yuqori darajada xizmat ko`rsatilishi uchun barcha zarur qulay shart-sharoitlar yaratadi;
• yo`lovchilar, yuklar, pochta va bagajga xizmat ko`rsatish jarayonini maqbullashtiradi;
• aerodromlarni parvozlarga o`z vaqtida va sifatli tayyorlash,saqlab turish va ta`mirlashning zamonaviy usullarini joriy etadi;
• havo kemalarini yoqilg`i va boshqa yoqilg`i-moylash materiallari bilan uzliksiz ta`minlaydi;
• logistika sohasida xizmatlarni sifatli ko`rsatish uchun infratuzilmani takomillashtirib boradi; (hamda)
• aeroportlarda savdo, ovqatlanish, yo`lovchilarga bank va boshqa xizmatlar ko`rsatuvchi zamonaviy ob`ektlar tarmog`ini kengaytiradi.
Farmonga asosan, “Uzbekistan Airways” AJga Jahon banki guruhini va boshqa xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda aviakompaniyaning rentabelligini ta`minlovchi aktivlar maqbul tuzilmasini hisobga olgan holda o`z faoliyatining barqaror biznes-modeli ishlab chiqilishi bo`yicha topshiriq ham berilmoqda.
Yana bir muhim jihat. O`zbekiston Respublikasining fuqaro aviasiyasini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasida 7 ta shtat birligidan iborat tarkibda aviasiya tarmog`ini isloh qilish masalalari bo`yicha sektor tuziladigan bo`ldi.
Farmonga asosan “O`zbekiston havo yo`llari” MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirishda muvofiqlashtirish va amaliy ko`maklashish bo`yicha ishchi komissiyasi ham tuzilmoqda. Komissiya “O`zbekiston havo yo`llari” MAK va uning tarkibiga kiradigan davlat korxonalarini qayta tashkil etish bilan shug`ullanadi. Shuningdek, unga 2019 yil 15 yanvargacha bo`lgan muddatda transport tarmog`ini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solishga oid barcha kompleks masalalar uchun javob beradigan Transport vazirligi tashkil etish bo`yicha taklif kiritish vazifasi ham topshirilmoqda. Bundan tashqari Komissiya 2019 yil 1 iyungacha bo`lgan muddatda qo`shimcha kompaniyalarning, shuningdek ish aviasiyasi xizmatlarini ko`rsatadigan byudjeti past bo`lgan aviakompaniyalar (loukosterlar) va korxonalarning faoliyati uchun qo`shimcha shart-sharoitlar yaratish bo`yicha chora-tadbirlarni hamishlab chiqadi.
Ta`kidlash lozim, O`zbekiston Hukumati va Jahon banki guruhi o`rtasida Aviasiya transportini isloh qilish va mazkur sohaga investisiyalarni jalb qilishga doir uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga ko`maklashish to`g`risida bitim tuzilgan. Shunga asosan, Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 maygacha bo`lgan muddatda 2019–2030 yillarda aviasiya transporti sohasini isloh qilish va aeroportlarni rivojlantirishga xorijiy investisiyalarni keng jalb qilish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Farmonga asosan, yana bir o`zgarish bo`ladi. Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish hamda aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo`lgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishga oid vakolatlar berilmoqda.Shu bilan birga Inspeksiyani Rivojlantirish jamg`armasi ham tuzilmoqda.
Bu hali hammasi emas. Prezident Farmonida mamlakat fuqaro aviasiyasi sohasida yangidan tashkil etilayotgan korxonalar va tashkilotlarning moliyaviy-huquqiy masalalariga daxldor hujjatlarni qayta ko`rib chiqib o`zgartirishdan tortib, sotib olinadigan samolyotlarni boj to`lovlaridan ozod qilish, hattoki aviasiya bozorimizga kirib kelayotgan xorijiy kompaniyalar bilan o`zaro manfaatli aloqalarni o`rnatishgacha bo`lgan masalalar qamrab olingan. Va bu choralarning yana bir muhim jihati shundaki, endilikda yangilangan tizimdagi xo`jalik jamiyatlarini boshqarishda xorijdagi etakchi aviakompaniyalarda katta tajribaga hamda korporativ boshqaruv, menejment va moliya sohasida tegishli malakaga ega bo`lgan mutaxassislarishtirok etadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident farmoni bilan O`zbekiston fuqaro aviasiyasiga to`liqligicha bozor mexanizmlari joriy etiladi. Bu esa– raqobat, iqtisodiy taraqqiyot va sifatli xizmat deganidir.