Andijon viloyatining Ulug`nor tumanida Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan hosil bayrami tantanalari o`tkazildi.
Oq oltin qishlog`idagi Obod mahallasi hududida
Shu kunning eng asosiy voqeligi so`zsiz uloq-ko`pkari musobaqalari bo`ldi. Deyarli chorak asrdan buyon bunday qadimiy xalq o`yinlarimiz uyushtirilmay kelayotgan edi. Shuning uchun barcha o`zgacha kayfiyatda, zo`r ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko`rdi.
Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan, Namangan, Farg`ona, Jizzah, Toshkent viloyatlari, shuningdek qo`shni Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozoqistondan jami 700 nafardan ziyod polvonlar o`z mahoratlarini namoyish etdilar, deb yozmoqda "Andijonnoma" gazetasi ijodkorlari.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov barchani qizg`in qutlab, bayram bilan samimiy tabrikladi. Davraga birinchi bo`lib, ot solib musobaqani boshlab berdi.
Eng keksa uloqchi sifatida Qirg`izistonning O`sh viloyati Abshir-ata qishlog`idan tashrif buyurgan 100 yoshli Qaribek Sulaymonov Markaziy Osiyo xalqlarining bu qadimiy an`anasi haqida so`zlab berdi. Ota-bobolari chorvador o`tgan oqsoqol ham cho`ponlik kasbini ulug`lab kelgan. Bisotidagi eng katta boyligi - ajdodlaridan qolgan 250 yillik xassa xali xanuz uning qo`lidan tushmagan.
— Bunday go`zal xalq an`anasiga birinchi bor guvoh bo`lishim, - deydi Rossiya Federasiyasining poytaxtidan tashrif buyurgan Maksim Gimadetdinov. — Taassurotlarim bir olam. Viloyatingizga neft sohasida hamkorlik o`rnatish maqsadida kelgan edik. O`ylaymanki, bunday azamatlar yurtida biznesimiz ham gullab-yashnaydi.
Haqiqiy mehmondo`stlik namunalarini viloyat qirg`iz milliy madaniy markazining faollari ham namoyish qildilar. Ular tomonidan tiklangan o`tovdan bayram qatnashchilarining qadami arimadi.
Qizg`in va murosasiz kechgan halol baxsda Andijon tumani, Bo`taqora qishlog`ilik Sulaymon polvon Mamasoliev uloqni olib ketdi. Unga viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan qo`yilgan bosh sovrin - Kobalt avtomashinasi topshirildi. Yana bir yirik sovrin – Spark avtomashinasi Jalolobod viloyati Suzok tumanilik Abduxalil polvon Sarikovga nasib etdi. Uloq-ko`pkariga barcha shahar va tuman hokimlari ham o`z sovrinlarini qo`ydilar. Ularga ham eng abjir chavandozlar ega chiqdilar.
Shuningdek, Hosil bayramida Andijoncha osh tanlovi o`tkazildi. Palovxon to`raning betakror ta`midan minglab yurtdoshlarimiz bahramand bo`ldilar.