AsosiyJamiyat

Biologiya va genetika sohasidagi taniqli olim, biologiya fanlari doktori, professor, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ak

Mamlakatimiz ilm-fani og`ir judolikka uchradi. Biologiya va genetika sohasidagi taniqli olim, biologiya fanlari doktori, professor, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Jo`ra Azimboevich Musaev 86 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda O`zA.
J.Musaev 1928 yili Toshkent viloyatida tug`ildi. 1948 yili O`rta Osiyo davlat universitetini biolog-botanik mutaxassisligi bo`yicha tugatib, aspiranturada o`qishni davom ettirdi. 1955 yilda nomzodlik, 1974 yili doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1984 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.
Taniqli olim o`zining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati mobaynida O`zbekiston Milliy universiteti g`o`za genetikasi laboratoriyasi va kafedrasi mudiri, professori, Fanlar akademiyasining O`simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining bosh ilmiy kotibi kabi mas`ul lavozimlarda samarali mehnat qildi hamda biologiya va genetika sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, ilm-fanning mazkur yo`nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.
J.Musaev O`zbekistonda g`o`za genetikasi ilmiy maktabiga asos soldi. Uning genetikaning nazariy hamda amaliy masalalariga bag`ishlangan qator maqola va risolalari, ilmiy yangilik va ixtirolari mazkur soha rivojida alohida o`rin tutishi mamlakatimiz va xorijiy jamoatchilikka yaxshi ma`lum.
Zahmatkash olim talabchan va jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi.
Akademik J.Musaevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O`zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan, O`zbekiston Respublikasining Birinchi darajali davlat mukofotiga sazovor bo`lgan edi.
Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Jo`ra Musaevning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.
I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar