13 dekabr kuni MTRKning media markazida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan «Yosh kitobxon» tanlovining 2018 yilgi respublika bosqichiga start berildi.
Mazkur tanlov O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O`zbekiston matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi, Respublika Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Respubllika Xalq ta`lim vazirligi hamda O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida o`tkazilib, undan ko`zlangan maqsad esa yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va ularning intellektual salohiyat va ma`naviy saviyasini oshirishdir.
Hozirga qadar «Yosh kitobxon» tanlovida 720 ming nafar yoshlar ishtirok etish uchun murojaat qilgan. Saralash bosqichlarida birgina 20-30 yosh toifasidagi 1128 nafar ishtirokchilardan 14 nafari respublika bosqichiga etib keldi.
Dastlabki kun qatnashchilar «O`zbek adabiyoti bilimdoni» bo`yicha bahsga kirishib, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Pirimqul Qodirov, Murod Muhammad Do`st, Asqad Muxtor kabi adiblarning asarlarini sharhlab berishdi.
Hakamlar hay`atining belgilangan mezonlar asosida baholash natijalariga ko`ra «O`zbek adabiyoti bilimdoni» sharti bo`yicha 88,6 ball bilan Toshkent viloyati sharafini himoya qilayotgan Dilnavozxon Najimova 1-o`rinni, buxorolik Salomatxon Subhonova 88 ball bilan 2-o`rinni egallab turibdi. 3-o`rin esa 87.3 ball to`plagan andijonlik Shohsanamxon Karimovaga nasib etdi. Navbatdagi 2-3-4- shartlar hal qiluvchi jarayon hisoblanib, so`nggi ko`rsatkichlar Prezident sovg`asi «Spark» avtomobili sohibini aniqlab beradi.
Tanlovning 2-3-shartlari bugun 14 dekabr kuni MTRKning media markazida o`tkaziladi.