Toshkentda 14 dekabr kuni mazkur tashrif munosabati bilan “Mehnat sohasi istiqboli: xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib mehnat bilan bandlikni ta`minlash tashabbuslari” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.
Tadbir davomida Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) bosh direktori Gay Rayder O`zbekistonga birinchi marotaba tashrif buyurdi.
Ushbu nufuzli tadbirda O`zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston kabi davlatlardan mutaxassislar, yuqori darajadagi ekspertlar jam bo`lgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma`lumotiga ko`ra, xalqaro konferensiya ishtirokchilari aholi, ayniqsa, yoshlar va xavfsiz mehnat muhojirligi bo`yicha O`zbekiston tajribasi bilan tanishtiriladi.
Xalqaro anjumanda Markaziy va Sharqiy Osiyo mehnat vazirliklari, BMTTD, EXHT, YuNISEF, Xalqaro migrasiya tashkiloti va Osiyo taraqqiyot banki vakillari munosib mehnat va bandlik, xavfsizlik va mehnat migrasiyasini tartibga solish, O`zbekiston va jahon uchun dolzarb bo`lgan aholini ijtimoiy himoya qilish masalalarini muhokama qiladi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etmoqda.
Ma`lumot uchun: Xalqaro Mehnat Tashkiloti mehnat masalalari bo`yicha BMT maxsus ixtisoslashgan tuzilmasi hisoblanadi. U xalqaro mehnat standartlarini belgilaydi, ishda huquqlarni qo`llab-quvvatlaydi, ishga joylashish uchun munosib imkoniyatlarni yaratadi, ijtimoiy himoyani kuchaytiradi va mehnat sohasiga oid masalalar bo`yicha muloqotni targ`ib qiladi. XMTning noyob tuzilmasi hukumat va ish beruvchilarning ham, ishchilarning ham vakillarini birlashtiradi. XMT 187 a`zo davlatga ega. XMT Kotibiyati Shveytsariyaning Jeneva shahrida va dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarida texnik mutaxassislarga va hodimlarning global tarmog`iga ega.






