AsosiyJamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha tanlov g`oliblari aniqlandi

'Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha tanlov g`oliblari aniqlandi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi «Yoshlar press klubi»da ta`lim muassasalari o`quvchilari o`rtasida «Biz yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo`lishimiz shart» shiori ostidagi ko`rik tanlovning «Eng yaxshi plakat», «Eng yaxshi surat», «Eng yaxshi bayon» nominasiyalari bo`yicha respublika bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 20 mingga yaqin ta`lim muassasalari yoshlari 300 ga yaqin plakatlar, suratlar hamda 500 ga yaqin insholar bilan ishtirok etishdi.

Hakamlar hay`atining xulosasiga ko`ra, Oliy ta`lim muassasalari talabalari va o`rta maxsus kasb hunar ta`limi muassasalarining o`quvchilari o`rtasidagi tanlovda «Eng yaxshi plakat» nominasiyasi bo`yicha Qashqadaryo viloyati, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti talabasi Umid Norchaev hamda Toshkent viloyati, Angren transport va xizmat ko`rsatish Kasb hunar kolleji o`quvchisi Viktoriya Yakimovalar 1-o`rinni, Farg`ona viloyati, Farg`ona politexnika instituti talabasi Muxlisa Xusanova va Samarqand viloyati, Samarqand shahar Bog`ishamol sanoat kasb-hunar kolleji o`quvchisi Dilora Bekmuradovalar 2-o`rinni, Xorazm viloyati, Urganch davlat universiteti talabasi Mohinur Quryozova hamda Surxondaryo viloyati, Angor pedagogika kolleji o`quvchisi Go`zala Safarovalar 3-o`rinni qo`lga kiritdi hamda tashkilotchilarning faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandilar.

«Eng yaxshi surat» nominasiyasi bo`yicha Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Ziyotbek Otakshiev, Qoraqalpog`iston Respublikasidagi Nukus avtomobil yo`llari kasb-hunar kolleji o`quvchisi Turanbek Jalgasbaev 1-o`ringa, O`zbekiston Milliy universiteti talabasi Sultonmurod Pardaev va Sirdaryo viloyati, Baxt engil sanoat kasb-hunar kolleji o`quvchisi Gaynulin Refat 2-o`ringa, Buxoro davlat universiteti talabasi Sardor Ravshanov hamda Namangan viloyati Jomasho`y meliorasiya va qishloq xo`jaligi kasb-hunar kolleji o`quvchisi Feruza Miraxmedovalar 3-o`ringa sazovor bo`ldi.

—Ushbu tanlovda korrupsion muhit aks etgan suratlarim bilan ishtirok etdim. Ijodiy ishimda o`z xizmat lavozimini suiste`mol qilgan holda davlat mulkiga xiyonat qilayotgan mansabdor shaxslarning taraqqiyot kushandasiga aylanayotganligi, bu illat mamlakatni ich-ichidan emirib borishini tasvirlab, 1-o`rin sohibi bo`ldim, – deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Ziyotbek Otakshiev.

«Eng yaxshi bayon» nominasiyasida 1-o`rinni Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi Muhriddin Nayimov, Farg`ona viloyati Marg`ilon pedagogika kolleji o`quvchisi Nilufar Muzaffarovalar, 2-o`rinni Qoraqalpog`iston Respublikasi davlat universiteti talabasi Temurbek Ibraimov, Xorazm viloyati Xonqa maishiy xizmat va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o`quvchisi Sevara Yusufboevalar, 3-o`rinni Farg`ona politexnika instituti talabasi Ikromjon Ismoilov va Navoiy viloyati Xatirchi uy-joy kommunal xo`jaligi kasb-hunar kolleji o`quvchisi Hulkar Suvonovalar egalladi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar