AsosiyJamiyat

"Vatanparvarlik oyligi"ga bag`ishlangan farmoyish yuzasidan matbuot anjumani o`tkazildi

'"Vatanparvarlik oyligi"ga bag`ishlangan farmoyish yuzasidan matbuot anjumani o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy matbuot markazida O`zbekiston Prezidentining «O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmoyishi ijrosiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi mas`ul ofiserlari, O`zbekiston mudofaasiga ko`maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti raisi o`rinbosari Majid Umarov hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta`kidlash kerakki, farmoyishga ko`ra, bu safargi bayram tadbirlari tashkiliy jihatdan oldingilaridan tubdan farq qilishi ko`zda tutilgan.

Anjuman davomida joriy yilning 15 dekabridan 2019 yilning 15 yanvariga qadar “Vatanparvarlik oyligi” etib belgilangani, bu vaqt ichida amalga oshiriladigan ishlar dasturi muhokama qilindi. Xususan, maktabgacha ta`lim va umumta`lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarda vatanparvarlik tuyog`ularini yanada oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

«Armiyamizda haqiqiy qahramonlik ishlarini amalga oshirgan, yoshlarga namuna sifatida ko`rsatsa arziydigan harbiy xizmatchilar juda ko`p. Bolalarimiz shu kabi harbiylar haqida bilishi, xuddi ular kabi Vataniga sodiq farzand bo`lishga intilishi kerak. Buning uchun esa biz ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng ko`lamli ishlarni bajarishimiz lozim», - dedi podpolkovnik Bahrom Zulfiqorov.

Bundan tashqari, O`zbekiston Prezidentining 12 dekabrdagi «Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo`yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori bilan O`zbekiston mudofaasiga ko`maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining ayrim muassasalari Mudofaa vazirligi tasarrufiga o`tkazilgani va endilikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Qarorda belgilanganidek, O`zbekiston Mudofaa vazirligining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo`yicha tayyorlash markazlari tashkil etiladigan bo`ldi.

Shuningdek, anjuman davomida Mudofaa vazirligi «Vatanparvar» birlashgan tahririyatining gazetasida mustaqillik yillarida mardlarcha halok bo`lgan qahramonlar haqida chop etilgan qissa hamda maqolalardan iborat “Vatan omon bo`lsin!” nomli kitobniing taqdimoti ham o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar