11 yillik majburiy ta`lim joriy etilishi munosabati bilan 11 yillik hajmda 18 yoshdan oshgan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy attestasiya topshirish huquqi berildi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati ma`lum qilishicha, Xalq ta`limi vazirining “Eksternat to`g`risidagi Nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi 2018 yil 15 noyabrdagi 13-mh-sonli buyrug`i ishlab chiqildi hamda 2018 yil 12 dekabr kuni Adliya vazirligidan 2670-1-son bilan davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Unga ko`ra, 11 yillik majburiy ta`lim joriy etilishi munosabati bilan 11 yillik hajmda 18 yoshdan oshgan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy attestasiya topshirish huquqi berildi. Eksternlar tegishli yilning 1 martidan 1 mayiga qadar (shu kuni ham) hududiy boshqarmalar tomonidan belgilangan umumiy o`rta ta`lim maktab direktoriga ariza bilan murojaat etadi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 oktyabrdagi 789-son “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq talab etiladigan hujjatlar tarkibidan “yashash joyidan ma`lumotnoma” chiqarib tashlandi.






