AsosiyJamiyat

Yilning eng iste`dodli yosh shoiri aniqlandi

'Yilning eng iste`dodli yosh shoiri aniqlandi'ning rasmi

Yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Yilning eng iste`dodli yosh shoiri” respublika ko`rik-tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlov 4 bosqichda o`tkazilib, bellashuvlar maktab, tuman-shahar, hudud hamda respublika miqyosida bo`lib o`tdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning mart-may oylarida tanlovning maktab, tuman (shahar) va hududiy bosqichlari uyushqoqlik bilan olib borildi. Tanlovda umumiy o`rta ta`lim maktablarining 3 mingdan ziyod 5-10-sinf o`quvchilari ishtirok etdi.

Ko`rik-tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 18 dekabr kuni Respublika bolalar kutubxonasida bo`lib o`tdi. Unda avvalgi bosqichlarda g`olib deb topilgan jami 14 nafar o`quvchi ishtirok etdi. Tanlov shartlariga ko`ra ishtirokchilar 4 yo`nalish bo`yicha o`z iqtidorlarini namoyon etishdi. E`tiborlisi, o`g`il-qizlar Vatan, muhabbat va ezgulik, tabiat va atrof-olam hamda ijtimoiy hayot haqida she`r yozib, barcha shartlarda faol qatnashishdi. Bellashuv so`nggida iste`dodli o`quvchilar orasidan g`oliblar saralandi.

Natijalarga ko`ra, 1-o`ringa Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o`quvchisi Sevinch Omonova, 2-o`ringa Xorazm viloyati Yangiariq tumani 1- maktabning 10-sinf o`quvchisi Saida Boynazarova, 3-o`ringa Samarqand viloyati Urgut tumani 142- maktabning 7-sinf o`quvchisi Shahzoda Ashrapova munosib deb topildi.

Tanlov so`ngida “Yilning eng iste`dodli yosh shoiri” ko`rik-tanlovining respublika bosqichi g`olib va sovrindorlariga Xalq ta`limi vazirligi tomonidan diplom va esdalik sovg`alari topshirildi. Shu bilan birga kelgusida g`olib o`quvchilarning ijod namunalari O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi homiyligida 10 ming nusxada nashr qilinadi hamda barcha ta`lim muassasalariga etkaziladi.

    Boshqa yangiliklar