Moddiy madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq Madaniyat vazirligining Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.
Departament moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya merosi ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida maxsus vakolatli muassasa hisoblanishi belgilab qo`yildi.
2019-2021 yillarda moddiy madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targ`ib qilish va ulardan oqilona foydalanishni tubdan takomillashtirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”tasdiqlandi.
Departament qoshida tarix, me`morchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega bo`lgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassislardan iborat Ilmiy-ekspert kengash tuzildi.
Endilikda, moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari va ularning qo`riqlanadigan tegralarida er qazish, er tuzish, qurilish, meliorasiya va boshqa xo`jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o`tkazishga oid loyihalar Ilmiy-ekspert kengash bilan kelishilishi lozim, bunda uning xulosasi Departament uchun majburiy hisoblanadi.
Madaniy meros jamg`armasi tashkil etilib, uni shakllantirish manbalari belgilab qo`yildi.
Buxoro davlat badiiy-me`moriy muzey-qo`riqxonasi, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me`moriy va badiiy muzey-qo`riqxonasi, Xiva “Ichan qal`a” davlat muzey-qo`riqxonasi tegishlicha “Buxoro”, “Samarqand”, “Ichan qal`a” davlat muzey-qo`riqxonalari etib qayta nomlandi.
Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg`ona viloyatlarida tegishlicha “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo`qon” davlat muzey-qo`riqxonalarini tashkil etiladi.
Qarorga ko`ra YuNESKOning Umumjahon merosi ro`yxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga ko`ra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar hisoblanadi hamda ularda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Departament hamda YuNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Bunda moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatiVazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat ko`chmas mulki hisoblangan moddiy madaniy meros ob`ektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.
Moddiy madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish bo`yicha jamoatchi inspektorlar faoliyati tashkil etiladi, ularning qonun hujjatlari buzilishiga oid murojaatlari Departament yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan majburiy tartibda davlat nazorati shaklida tekshiriladi, bunda ma`muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat aniqlansa, jamoatchi inspektorlar Jamg`arma mablag`lari hisobidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.






