AsosiyJamiyat

Toshkent davlat stomatologiya institutida bir yilda uchta xalqaro fakultet ochildi

'Toshkent davlat stomatologiya institutida bir yilda uchta xalqaro fakultet ochildi'ning rasmi

Mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish borasida jadal islohotlar olib borilmoqda. Bu jarayonda tibbiy ta`lim tizimiga ilg`or ta`lim standartlarini joriy etish, jahon tibbiyotida erishilayotgan ilmiy yangiliklardan kelib chiqib yangi-yangi yo`nalishlar bo`yicha kadrlar tayyorlash, talaba yoshlarga eng yuksak texnologiyalar asosida ta`lim berishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda tibbiyot oliy o`quv yurtlarining jahondagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan aloqalari kengayib bormoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunga qadar bu yo`nalishda tibbiyot oliy o`quv yurtlari tomonidan xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan 220 taxamkorlik memorandumlari imzolandi. Toshkent davlat stomatologiya instituti bu borada etakchi tibbiy ta`lim muassasalaridan biridir. Mazkur institut ayni paytda xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta`lim muassasalari va kompaniyalari bilan o`zaro hamkorlik bo`yicha memorandum imzolashga erishdi. 2018 yil davomida 50 nafardan ortiq talaba va 20 nafardan ziyod professor-o`qituvchilar xorijda uzoq muddatli malaka oshirdilar.

Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018-2019 o`quv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan “Biotibbiy muhandislik” va Moskva Davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan “Stomatologiya” fakultetlari tashkil etildi.

Kuni-kecha bu borada yana bir muhim loyiha amalga oshirildi. Institut delegasiyasining Rossiya federasiyasiga tashrifi doirasida Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik dasturiga asosan, “Klinik-psixologiya” yo`nalishida yangi fakultet ochilmoqda. Mazkur fakultetga 2019-2020 o`quv yilidan talabalar qabul qilinadi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Aytish joizki,bugungi kunda 2200 nafardan ko`proq talaba tahsil olayotgan mazkur oliy ta`lim muassasasida ta`lim jarayoniga ilg`or pedagogik texnologiyalar, o`quv dasturlarini keng joriy qilish, magistrant, yosh o`qituvchi va ilmiy xodimlarning xorijiy ta`lim va ilmiy muassasalarda amaliyot o`tashini, professor-o`qituvchilarning malakasini oshirishni tashkil qilish bo`yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar malakali kadrlar tayyorlash, tibbiyot sohasida jahonning ilg`or amaliyotlarini keng joriy etish, xalqimizga ko`rsatilayotgan stomatologik xizmatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo`lmoqda.

    Boshqa yangiliklar