AsosiyJamiyat

Navoiyda zamonaviy Davlat xizmatlari markazi o`z faoliyatini boshladi (foto)

'Navoiyda zamonaviy Davlat xizmatlari markazi o`z faoliyatini boshladi (foto)'ning rasmi

An`anaga ko`ra, har bir yangi ochiladigan Davlat xizmatlari markazida avvalgilardan farqlashi kerak bo`lgan yangilik joriy etiladi.

Faoliyatini boshlagan Navoiy shahar Davlat xizmatlari markazi ham mazkur an`anani davom ettirdi.

Bu erda vaqtinchalik ro`yxatdan o`tish, tadbirkorlarga boj to`lovlarini amalga oshirish, fuqarolik biometrik pasportini berish, eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish va boshqa davlat xizmatlari ko`rsatilishi kutilmoqda.

Agar kutilmaganda mobil telefon yoki planshetingiz zaryadi tugab qolsa, uni to`ldirish imkoni ham yaratildi. Yangi Davlat xizmatlari markazi gadjetlarni zaryadlash uchun maxsus stansiyalar bilan jihozlangan. Ha, biz so`nggi tendensiyalardan ortda qolganimiz yo`q.

Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi bilanoq uning tarkibiga kiruvchi Markazlarda fuqarolarga xizmat ko`rsatish standartlariga yuqori talablar belgilangan. Shu bois, mazkur Markazlar qisqa fursatda o`zlarini bir tom ostida eng kerakli davlat xizmatlarini qulay va ortiqcha vaqt va pul sarflamasdan olish mumkin bo`lgan unikal maydoncha sifatida tanitdi. Navoiy shahar DXM mazkur tamoyilning yaqqol misolidir.

Markaz o`zining noan`anaviy arxitektura echimi bilan hayratda qoldiradigan 15 ming metr kvadrat maydonli 4 qavatli yangi binoda joylashgan. Yagona oq-feruza uslubidagi dizayn barcha yangi Markazlarning o`ziga xos belgisiga aylanyapti. Bundan tashqari, quruvchi va arxitektorlar xalq kiradigan joy ko`rkam, barcha qulayliklarga ega bo`lishi lozimligini inobatga olishgan. Shu bois interer echimi ham xizmat oluvchilarga yaxshi kayfiyat bag`ishlaydi.

Markazning kirish yo`lagidagi zamonaviy resepshnda elektron navbat talonini olish, qaysi oynaga murojaat etish kerakligini tushuntirishga hamisha tayyor davlat xizmatlari maslahatchilari sizni tabassum bilan qarshi oladilar. Shu bilan birga, davlat xizmatlarini olish jarayonlari haqidagi videoroliklari bilan tanilgan robot ham tashrif buyuruvchilarga maslahat berishdan mamnun.

Zal bo`ylab o`rnatilgan belgilar davlat xizmatini olishingiz uchun qadamma-qadam yo`naltiradi. Elektron navbat olish uchun infokiosk ishlab turibdi. Talonni olib kutish zalidagi shinam o`rindiqlarga joylashishingiz mumkin. Monitorlar orqali esa navbatingiz kelgani haqida xabardor qilib, qaysi qabul oynasiga o`tish kerakligi ko`rsatiladi.

Muhimi, xizmatdan ko`nglingiz taskin topsa bo`ldi. Prezidentimiz ta`kidlaganidek, davlat idoralari odamlarga xizmat ko`rsatadigan payt keldi.

Yanada qulaylik yaratish maqsadida bu erda bolalar o`yingohi, davlat bojini to`lash uchun maxsus kassa va boshqalar ishlab turipti. Tashrif buyuruvchilar bepul WiFi dan foydalanish imkoniga ega.

Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun tegishli aravacha va pandus o`rnatilgan. Umuman olganda, har bir fuqaroga — alohida e`tibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.

Bu erda 60 qabul oynalari orqali yuzdan ortiq eng ommabop davlat xizmatlarini olish mumkin.

Hech shubhasiz, Mazkur zamonaviy Markaz, Navoiy shahar aholisi uchun chinakam Yangi yil tuhfasi bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar